“Yallama” chegara-bojxona posti orqali yuk avtotransportlaridan ta’magirlik qilib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Joriy yilning 5 avgust kuni Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara-bojxona postiga tutash hududda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jismoniy shaxslar va bojxona xodimlaridan iborat jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Jinoiy guruh a’zolari yuk avtotransport vositalarini mazkur post orqali navbatsiz va tezlashtirgan holda o‘tkazishni va’da qilib, avtotransport vositalari haydovchilari va tadbirkorlardan ta’magirlik yo‘li bilan pora olib kelgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.