Yana bir "bahsli" shtat Baydenning g‘alabasini e’lon qildi
Viskonsin saylov qo‘mitasi rahbari Anne Jeykobs shtatdagi prezidentlik saylovlarida demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden g‘olib chiqqanligini e’lon qildi. Bu haqda Milwaukee Journal Sentinel xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Deyn va Miluoki okruglarida qayta sanash natijasiga asosan Bayden "bahsli" shtatdan 10 ta saylovchilar ovoziga ega bo‘ladi. Viskonsin gubernatori Toni Evers o‘z navbatida, shtatdagi ovoz natijalarini sertifikatlab, demokrat nomzodning g‘alabasini tasdiqladi.
Avvalroq Amerikaning yana bir shtati - Arizona ma’muriyati Jo Baydenning mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida g‘alabasini tasdiqlagan edi. Fox telekanalining ma’lum qilishicha, demokrat AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampni ortda qoldirib, 1,672 million ovoz olgan. Bunga asoslanib Bayden 11 ta ovozni qo‘lga kiritishi mumkin.
2020 yil 3 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Bayden g‘alaba qozonish uchun zarur miqdordagi saylovchilar ovozini olgan va Amerikaning amaldagi rahbari Donald Trampdan o‘zib ketgan. Demokrat allaqachon o‘zini AQShning saylangan prezidenti, deb e’lon qildi. Tramp esa bunga e’tiroz bildirgan holda Bayden o‘zini mamlakatning yangi rahbari, deb atashga shoshilaganini aytdi. Ovozlarni hisoblash bo‘yicha muhokamalar hali davom etmoqda.