Yana tabiiy gaz muammosi: Kecha yoqqan qor hammani shoshirib qo‘ydi

Ikki kundan buyon yoqqan qor tufayli havo sovib, aholi xonadonlarida gaz bosimi pasayib ketdi. Bu ayniqsa, Samarqand shahridagi ko‘p qavatli xonadonlarda yashovchilarning asosiy muammosiga aylandi.

Kecha «Hududgaz Samarqand» mas’uliyati cheklangan jamiyatining Samarqand shahar bo‘limida ham shu masalada shikoyat qilib kelganlar soni anchagina ekan. Kimdir ko‘p qavatli uyda yashaydi, xonadonidagi isitish tizimlari ishdan chiqqaniga bir necha yil bo‘lgan. Uyini isitish u yoqda tursin, hatto gaz plitada ovqat pishirishning ham ilojini topolmayayotganlar bor. Yana kimdir uyni tabiiy gaz bilan isitishni istaydi.

- Dam olish kunlari uyimiz sovib, bolalarimiz azob chekdi, - deydi Kimyogarlar shaharchasi 33-uyda yashovchi M.Subhonov. – Isitish tizimlari yaxshi ishlamaydi. Ovqat pishirishga ham gaz yo‘q. Suyultirilgan gaz ballonlari yoqay desak, juda xavfli. Ko‘p qavatli uyda pechka o‘rnatib, ko‘mir yoki o‘tin yoqib bo‘lmasa, qachon bu muammolar hal etiladi?

Yuqoridagi muammolarga yechim izlab mutasaddilarga murojaat qildik.

- Darhaqiqat, ikki kundirki, Samarqand shahrining Qo‘shchinor, Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom, So‘zangaron, Qo‘shhovuz, Madadkor, Mirzo Bobur, Zarafshon mahallalari, Kimyogarlar shaharchasi - jami 15 mahallada gaz bosimi keskin kamayib ketdi, - deydi «Hududgaz Samarqand» mas’uliyati cheklangan jamiyatining shahar bo‘limi bosh muhandisi Isrofil Vahobov. – Hozirgina mutaxassislar bilan birgalikda Kimyogarlar shaharchasiga borib, vaziyatni o‘rgandik. Isitish tizimlari ishlamasligi sababli aholi xonadonini gaz plitalar yordamida isitishga harakat qilmoqda. Shuningdek, ayrim mahallalarning gaz taqsimlash stansiyalaridan uzoqda joylashganligi ham ularni tabiiy gaz bilan ta’minlashda og‘ir bo‘lyapti.

- Gaz bosimi pastligi tufayli xonadonlarni isitish muammosi, nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda ham dolzarb bo‘lib turibdi, -deydi «Hududgaz Samarqand» MChJ direktori Xolmurod Bobomurodov. - Viloyatimiz uchun ajratilgan tabiiy gaz borgan sari kamayib boryapti. Ammo ayni kunlarda Energetika vazirligidan kelgan mutaxassislar shahar va tumanlarda bo‘lib, haqiqiy ahvolni o‘rganishmoqda. Agar havo sovib ketaversa, qo‘shimcha gaz olishga to‘g‘ri keladi. Hozir birinchi navbatda, Samarqand shahridagi, shuningdek, tumanlar markazlaridagi ko‘p qavatli uylarni isitish maqsadida issiqlik qozonxonalarini ta’minlashimizga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar qishning sovuq kunlarida hovlida yashayotgan aholiga ko‘mir va maishiy gaz ballonlaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Chunki bu ahvol bir hafta-o‘n kun davom etishi mumkin.

Dilmurod TO‘XTAYeV.