Yangi megopolis, lekin odamlar yashamaydigan shaharlar
Odamlar biror-bir zaruriy vaziyat yoki favqulodda holat e’lon qilinishi tufayli shaharlarni tark etadi. Ba’zida esa yangi qurilgan butun bir shaharlar aholisiz qolib ketadi. Bugun aynan shunday shaharlar bo‘ylab sayohatga chiqamiz.
Kanboshi
Bir qarashda Xitoyda aholining haddan tashqari ko‘pligi hukm suradi, mamlakatda odamlar o‘zi yashashi uchun hech bo‘lmaganda kichkinagina “kvadratmetr”larni topishga harakat qiladi. Lekin bu yerda ham atrofida ozoda xiyobonlar va parklari bo‘lgan ko‘p qavatli binolari bor “arvoh” shaharlarni topish mumkin.
Xitoy shimolidagi Ordos okrugida qurilgan shahar 300 ming aholiga mo‘ljallangan edi, biroq bugungi kunda u yerda hatto bir kishini ham topish qiyin. Shahar qurilish jadalligi davriga to‘g‘ri keldi, lekin istiqbolli megapolis ko‘chmas mulkka sarmoyaligicha qolib ketdi.
Gap shundaki, global moliyaviy inqiroz imorat soluvchilar ishtahasini sezilarli darajada to‘sib qo‘ydi va endi ular kiritilgan mablag‘larning hech bo‘lmasa bir qismini qaytarish yo‘lini izlamoqda. Buning uchun ular bo‘m-bo‘sh ko‘p qavatli uylarni portlatib, egallab olgan yerlarni yangi investorlarga sotishni rejalashtirayapti.
Sesenya
Bu bo‘m-bo‘sh shaharni do‘stona, iliq Ispaniyada topish mumkin, bu ham o‘ta hayratlanarli. Axir kim Ispaniyada yashashni xohlamaydi deysiz? Shunga qaramay, bu shahar-majmua bugungi kungacha aholisiz bo‘lib qolmoqda.
Milliarder Fransisko Ernando ko‘chmas mulk shiddati avjida Madrid va Toledo o‘rtasidagi Sesenya chekkasida 13 500 xonadondan iborat ulkan turar-joy majmuasini qurdi. Tom ma’nodagi bu "inson uyasi" Yevropadagi xususiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qurilgan eng yirik turar-joy majmuasiga aylandi.
2008 yilda Ernando loyiha kreditorlariga hatto 2 mingdan ortiq kvartirani muvaffaqiyatli topshirdi, ammo mamlakat rasmiylari ichimlik suvi va binoga ko‘chib o‘tishga ruxsat yo‘qligi sababli sotuvlarni to‘xtatdi. Bundan tashqari, ushbu turar-joy majmuasida hech qanday infratuzilma va yo‘llar ko‘zda tutilmagan.
Turar-joy majmuasining tarixi qayg‘uli yakunlandi. Natijada, Ernando soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va poraxo‘rlikda ayblandi, shunda u qurilishni tashlab, Ekvatorial Gvineyaga qochishga majbur bo‘ldi.
Kilamba
Xitoy xalqaro mulk boshqarish investitsion korporatsiyasi Angola poytaxti Luandadan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Kilamba shahrini jonlantirishga kirishdi.
750 ta sakkiz qavatli turar-joy binolardan iborat shahar bo‘lingan tumanlariga qarab turli ranglarda bo‘yalgan. Uylar 500 ming kishiga mo‘ljallangan edi, ammo ular hech kimga nasib qilmadi. Shaharda hatto puxta o‘ylangan infratuzilma mavjud: yuzlab savdo markazlari va o‘nlab maktablar qurildi.
Haqiqat shundaki, bunday chiroyli kvartiralarni sotib olish Angola aholisining imkoniyatlaridan tashqarida bo‘lib chiqdi. Qurilish uzoq vaqt oldin tugaganiga qaramay, bugungi kunga qadar Kilambada bor-yo‘g‘i 220 dan ortiq kvartira sotilgan. Angola aholisi bunday uy-joylarni hatto ipoteka yordamida sotib olish imkoniyatiga ega emas.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.