Yangi ochilgan tog‘-chang‘i kurortida yosh yigit baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi

Joriy yilning 7 yanvar kuni Chimyondagi “Amirsoy Resort” tog‘-chang‘i kurortida chang‘i trassalaridan birida tashrif buyuruvchilardan birining baxtsiz hodisa tufayli vafot etganligi haqida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, kechki paytda kurort xodimlariga yosh chang‘ichi yo‘qolib qolgani xabar qilingan. Shundan keyin kurort qutqaruvchilari jamoasi zudlik bilan chang‘ichini qidirishni boshlab yuborishgan.

30 daqiqadan keyin chang‘ichi trassadan tashqarida tiriklik alomatlarisiz topilgan. Kurortning 8 nafar professional qutqaruvchisi va 2 nafar shifokor 50 daqiqa davomida jabrlanuvchini jonlantirishga harakat qilishgan, biroq baxtga qarshi ularning urinishlari besamar yakunlangan.

Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda vafot etgan shaxs sportchi bo‘lganligi haqida yozishdi. Ushbu holat yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:

“Amirsoy Resort” tog‘-chang‘i kurortidagi chang‘i trassasida baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan shaxs vazirlik tizimida sportchi sifatida ro‘yxatga olinmagan. Qishki sport turlari federatsiyasida ham sportchi sifatida qayd etilmagan. Marhum shunchaki, “Amirsoy Resort” tog‘-chang‘i kurortiga dam olish maqsadida kelgan yurtdoshlarimizdan biri bo‘lgan.