Yaponiyada yangi Bosh vazir saylandi va hukumatning yangi tarkibi shakllantirildi

Yaponiya Parlamenti vakillar palatasi deputatlari tomonidan eng ko‘p ovoz olgan Yosixide Suga mamlakatning yangi Bosh vaziri etib saylandi. Bu haqda 16 sentyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.

462 ta haqiqiy, deb tan olingan byulletendan 314 nafar deputat Suga nomzodini qo‘llab ovoz berdi.

Saylovlar yakunlanib Yosixide Suga Yaponiyaning yangi Bosh vaziri etib saylanganidan so‘ng hukumatning yangi tarkibi shakllantirildi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, Iqtisodiyot vaziri Xirosi Kadziyama ham egallab turgan lavozimida qoldi.

Yaponiya Mudofaa vaziri etib sobiq Bosh vazir Sindzo Abening ukasi Nobuo Kisi tayinlandi. U ushbu lavozimga ma’muriyat islohotlari masalalari bo‘yicha vazir etib tayinlangan Taro Kono o‘rniga tayinlandi.

Shu vaqtga qadar Yaponiya hukumati Bosh kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Yosixide Suga o‘rniga sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri tayinlandi.

Yaponiya Bosh vaziri o‘rinbosari va Moliya vaziri Taro Aso o‘z lavozimida qoldirildi.

Jamoat xavfsizligi qo‘mitasining sobiq rahbari Ryota Takeda Ichki ishlar va aloqa vaziri lavozimiga tayinlandi. Raqamli texnologiyalar masalalari bo‘yicha Yoko Kamikava vazir etib tayinlandi. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligini Norixisa Tamura boshqaradigan bo‘ldi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari vaziri etib Kotaro Nogami tayinlandi.

Bundan tashqari, Katsuey Xirasava tabiiy ofatlardan so‘ng qayta tiklanish masalalari vaziri va Tesusi Sakamoto aholi sonini 100 milliondan yuqori darajada saqlab turish masalasi vaziri lavozimiga tayinlandi.

Fan va ta’lim vaziri Koiti Xagiuda, Milliy yerlar va transport vaziri Kadzuyosi Akabane, Atrof muhit vaziri Sindziro Koidzumi, Iqtisodiyotni qayta tiklash masalalari vaziri Yasutosi Nisimura, Olimpiada o‘yinlari masalalari vaziri Seyko Xasimoto o‘z lavozimlarida qoldirildi.