Yaponlar nafaqat zamonaviy, balki ana’naviy bilimlarni rivojlantirgani uchun ham taraqqiyotga erishgan

- Yaponiya mo‘’jizalari haqida ko‘p o‘qiganmiz, eshitganmiz, - deydi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining veterinariya jarrohligi va akusherlik fakulteti assistenti Jasur Yulchiyev. - Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keldim. Dunyoning taraqqiy etgan o‘nlab davlatlarida bo‘lganman. Ammo ular orasida Yaponiya alohida ajralib turadi. Bilasiz, veterinariya bugun dunyoda dolzarb soha sifatida e’tirof etiladi. Negaki, u oziq-ovqat xavfsizligi muammosini o‘rganadi. Insoniyat taqdiri bugun shu yo‘nalish bilan bevosita bog‘liq.

Dunyoning turli burchaklarida har xil infeksiyali kasalliklar qayd etilayotgan bir paytda, Yaponiyada bir narsa e’tiboringizni jalb etadi. Ular kasallik bilan kurashishdan ko‘ra, uning profilaktikasi, ya’ni oldini olish davlat uchun arzonroqqa tushishini yaxshi anglashadi. Yaponiyada hayvonlar orasida deyarli kasalliklar yo‘q. Yapon xalqi juda mehnatkash, tirishqoq. Hayvonlarga munosabati ham tahsinga loyiq. Ular vaqtning qadriga yetishda nemislardan ham o‘tib ketgan desam, mubolag‘a qilmayman.

J.Yulchiyev joriy yilning 20-29 yanvar kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “Sakura scientific exchange plan program” loyihasi doirasidagi seminar-trening mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Tokiodagi Azabu universitetida Klinik veterinariya sohasi bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kurslarida Osiyo, Yevropa va AQShning zamonaviy veterinariya xizmatlari, ilg‘or innovatsion  texnologiyalar bo‘yicha o‘qitildi.

- 10 kun davomida dastur bo‘yicha barcha ishlarga ulgurdik, - deydi J.Yulchiyev. - Azabu universiteti rektori va talabalari bilan uchrashdik. Mashhur “Hayot” muzeyi, Akvarium va Shistosomoz tarixiy muzeyi, JICA (Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi) tashkilotida bo‘ldik. Veterinariya sohasi bo‘yicha yapon an’anaviy davolash usullari bilan yaqindan tanishib, qoramollar va boshqa uy hayvonlari parvarishi va davolash usullari haqida yangi, noan’anaviy bilimlarni o‘zlashtirdik.

Yaponiyada diagnostika sohasida ham eng zamonaviy usullar qo‘llanilar ekan. Hayvonlardagi kasalliklarni erta tashhislash bo‘yicha ancha ilgarilab ketishgan. Laboratoriyalar va u yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar shundan darak beradi. Qolaversa, “Vaxxinova” biopreparatlar va vaksina ishlab chiqarish kompaniyasi vakili bilan suhbat davomida bunga amin bo‘ldik.

Yaponiyani faqat elektronika sohasi bo‘yicha yetakchi deb bilarkanmiz. Ular bu texnologiyalarga an’anaviy bilimlarni rivojlantirish orqali erishgan, degan xulosa qilish mumkin.

Gulchehra BERDIYoROVA.