Yaqinda Jomboy tumanida yuzlab oilalar yangi uylarga ko‘chib kiradi

Jomboy tumanining “Uzunovul”, “Beshbola”, “Eski Jomboy” massivlarida yirik hajmdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Arzon turar-joy binolari, tibbiyot va ta’lim muassasalari barpo etilmoqda. Bu haqda “Jomboy tongi” xabar bermoqda.

Kecha tuman hokimi Umidjon Nazarov mutaxassislar bilan mazkur qurilish ob’yektlarida bo‘lib, quruvchilar bilan uchrashdi. Ta’mirlash ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash kerak, Katta qishloq mahallasining Uzunovul massivi mo‘’jaz shaharchani eslatadi. Ayni paytda 72 oilaga mo‘ljallangan yana uchta ko‘p qavatli uy qad rostlabdi. “Bunyodkor shijoat quruvchi”, “Afsona omad ta’mir qurilish” kabi pudrat korxonalari tomonidan so‘nggi ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Beshbola mahallasi ham “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Shu yilning sentyabr oyiga qadar 14 ta 2 sotixlik (3 xonali) turar-joy binolarini qurib-bitkazish rejalashtirilgani aytildi.

– Asosiy qurilish ishlari yakuniga yetdi, – deydi “Bunyodkor fayz me’mor” korxonasi rahbari Yusuf Abdanov. – Tenderda qatnashib, sakkizta uyni qurish majburiyatini olgandik. Ishni o‘z vaqtida tugallash uchun bor imkoniyatimizni safarbar etganmiz. Yaqinda eshik-romlar ham o‘rnatiladi. Buning uchun jami 1 milliard 200 million so‘m sarf bo‘lyapti. Hozircha, 450 million so‘mga yaqin mablag‘ hisob raqamimizga kelib tushdi. Viloyat injiniring kompaniyasi qolgan mablag‘ni ham ajratib bersa, xodimlarning ish haqini vaqtida to‘lash imkoni bo‘lardi. Bu bo‘yicha tuman hokimi amaliy ko‘mak berishini aytdi.

Hududga qarashli 51-umumta’lim maktabi ham kapital ta’mirga tushgan. Binoning ichki va tashqi fasadini ranglash nihoyasiga yetkazilmoqda. Qishda issiqlikni saqlash, uzoq vaqt ushlab turish maqsadida koridor devorlari qalinlashtirilgan. 536 o‘ringa mo‘ljallangan maktab yangi o‘quv yilidan to‘liq faoliyat boshlaydi.

Shuningdek, 25-sonli MTMdagi qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. 100 o‘ringa mo‘ljallangan binoni 1 avgustda foydalanishga topshirish mo‘ljal qilinyapti. “Nizamat Esonturdiyev” qishloq vrachlik punkti binosi ham yangidan barpo etilyapti.

Navbatdagi manzil Eski Jomboy mahallasi bo‘ldi. Bu yerda ham kottej ko‘rinishidagi 14 ta turar-joy binosi qad rostlabdi. Qurilish ishlari “Savlat agro qurilish” MChJ tomonidan olib borilmoqda. Uylar deyarli bitgan. Ichki va tashqi devorlarni ta’mirlash, pardozlash jarayoni ketmoqda.

– Jomboyning uchta mavzesida qurilayotgan bu uylar hademay o‘z egalariga topshiriladi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Sherali Xudoyorov. – Mustaqillik bayrami arafasida nogironligi bor fuqarolarning 21 nafari, yoshlar ittifoqi tavsiya bergan ikki nafar yosh oila, yuzga yaqin fuqarolar uyli bo‘ladi. Bu xalqimizning farovon turmush kechirishiga xizmat qiladi.

Hokim sohada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.