Yilning yarmida viloyatimiz daromadi rejadan 122 milliard so‘mga ortdi

Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatda umumiy daromadlar prognoz rejasi 1 trillion 308,3 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 1 trillion 431,1 milliard so‘mga, ya’ni 109 foizga bajarildi yoki reja 122,8 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Shundan, mahalliy byudjet bo‘yicha belgilangan daromadlar prognozi rejasi 1 trillion 126,7 milliard so‘m bo‘lsa, xaqiqatda 1 trillion 316,2 milliard so‘mga (117 foiz) yoki 189,5 milliard so‘m ortig‘i bilan ijro etildi.

Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yunus Bobonazarov ishtirokida “Mahalliy byudjetning 2021 yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan parametrlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ochiqlandi.
Mataxassisning bildirishicha, foyda solig‘i bo‘yicha 28,3 milliard so‘m (reja 76,8 milliard so‘m, tushum 105,2 milliard so‘m)ga yoki belgilangan prognozga nisbatan 134,2 foizga bajarilgan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 31,8 milliard so‘m (reja 433,9 milliard so‘m, tushum 465,6 milliard so‘m)ga yoki reja 107 foizga yetkazilgan. Resurs soliqlar bo‘yicha 28,8 milliard so‘m (reja 178,2 milliard so‘m, tushum 207,1 milliard so‘m)ga yoki rejaga nisbatan o‘sish 116,3 foizni tashkil etgan.


- Byudjet tushumlarini kengaytirish bo‘yicha moliya organlari tomonidan joriy yilning 1 yarim yilligida 16 414 holatda 21,6 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbalari aniqlanib, hududiy soliq idoralariga qo‘shimcha daromad manbalarini qamrab olish bo‘yicha 136 ta ma’lumot kiritilgan, - deydi Yu.Bobonazarov. - Aniqlangan qo‘shimcha daromad manbalari tarkibiy jihatdan o‘rganilganda 6136 holatda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar-noturar va yer maydonlari bo‘yicha 1,8 milliard so‘m, 5294 holatda tegishli tartibda (YaTTlar) davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy faoliyat ko‘rsatib kelayotgan fuqarolardan 7,9 milliard so‘m tushum manbalari aniqlandi. 243 holatda noqonuniy ravishda umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlardan 2,5 milliard so‘m, 1822 holatda bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan tushumlarni to‘liq qamrab olinmaganli holatlaridan 1,1 milliard so‘m qo‘shimcha daromad aniqlandi. Boshqa yo‘nalishlar (qurilish, sanoat ob’yektlarida noqonuniy ishchilarni legallashtirish, tegishli tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan faoliyat ko‘rsatish va boshqa holatlar) bo‘yicha jami 2 919 holatda 8,3 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar aniqlangan.


Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, birinchi yarim yillikda viloyatda jami aniqlangan 16 414 ta qo‘shimcha daromad manbasi holatlar sonidan jami 10 700 tasi qamrab olingan. Qamrab olish darajasi 65,2 foizni tashkil etmoqda.


O‘ktam XUDOYBERDIYeV.