Yogalar. Ular haqiqatan o‘lib tirila olishadimi?

Muallaq havoda turish, ko‘rinmas holatga o‘tish, ovqat va suvsiz yashash, «o‘lib-tirilish»… Bu kabi g‘ayribatiiy holatlarni ko‘rsatib keladigan Yogalar haqidagi ma’lumotlar oldidan quyidagi voqeani eslab o‘tamiz:  1837 yilda sodir bo‘lgan. Panjobdagi qudratli bir maxarojaning saroyiga sayohatchi yog kirib keladi va o‘zini tiriklayin ko‘mishlarini taklif qiladi. U tobutga o‘xshatib yasalgan qutida 40 kun qimirlamasdan yotadi, keyin hech narsa bo‘lmaganday o‘rnidan turadi. Ushbu voqea tasvirlangan kitoblar Vena, London va Nyu-York shaharlarida chop etiladi. G‘aroyib hodisaga bengaliyalik jarroh izoh topadi. Uning fikricha, yoglar yurak urishini to‘xtata olishmaydi. Ular buni nafasni boshqarish orqali amalga oshirishadi – kislorodni tejab hayotiy jarayonlarni sekinlatadilar. Bu ayrim jonivorlarning quvvatni saqlash maqsadida uyquga ketishiga o‘xshaydi. Biroq yoglar buni qanday uddalashadi? Ishonish qiyin.

Yoga – aslida Hindiston madaniy merosining eng qadimiy ko‘rinishlaridan biri. U eramizgacha bo‘lgan 4-2 chi asrlarda paydo bo‘lgan. Yoga haqida qadimgi vedalar – hindlarning ajdodlari qoldirgan ilohiy yozuvlarda eslatmalar uchraydi. Yoga ustalari haqida haqiqat va afsonalar bisyor. Ular o‘z tanalarini shu darajada boshqara olishadiki, 19-chi asrda yevropaliklar yoglar hatto yurak urishini to‘xtatib, so‘ng yana nafas ola boshlashlariga ishonishgan.

2010 yilda amerikalik va britaniyalik shifokorlar 1940 yildan buyon bir qultum suv ichmasdan, taom tatimasdan yashayotgan gujarotlik yog Praxlad Janini sinchiklab o‘rganishadi. Janini hojatxonasiz, videokameralar o‘rnatilgan maxsus xonaga joylashtirishadi. Kunu tun kuzatishadi. Ikki hafta davomida tahlillar olib, rentgen qilishadi. Yakunda shifokorlar hayron bosh chayqaydi – yog suv ham ichmasdan, ovqat ham yemasdan yashayotgani tasdiqlangan edi. AQSh diyetologlari uyushmasi bunday xulosa bilan kelisha olmasliklarini bildirdi, inson ovqatsiz bir oy yashashi mumkin, ammo 14 kun suvsiz yashash jismonan imkonsiz, buyraklar quriy boshlaydi. Ammo Praxlad Jani 91 yil umr ko‘rgan.

Bunday hodisalar yevropaliklarga mo‘’jizadek ko‘rinsa, hindistonliklar uchun oddiy narsa. Zohid-chollarning misli ko‘rilmagan qobiliyatlari haqida so‘rashganda, ular yelka qisib qo‘yishadi. «Buning nimasi g‘ayrioddiy, ular bu uchun bir umr o‘rganib, mashq qilgan», deyishadi.

Yoganing vatani deb hisoblanadigan Rishikesh shahrida turli mo‘’jizalar ko‘rsatishi bilan mashhur mahalliy siddxalar ba’zan omma oldida chiqishlar qiladi. Odatda ular nafasni to‘xtatib qo‘yish, nigohlar yordamida buyumlarni joyidan siljitish, mixlar qoqilgan to‘shakda uxlash, olov ustida yurish, tana haroratini tushirish va ko‘tarish kabi mashqlarni ko‘rsatishadi. Bunga guvoh bo‘lgan xorijlik sayyohlardan biri, yog 15 daqiqaga tomir urishini to‘xtatib, xuddi o‘likdek yotgani, so‘ng shunchaki o‘rnidan turib ketganini aytadi.

– Hatto endi o‘rganayotgan yog ham mix ustida uxlab, alanga ustidan yurib o‘ta oladi, – deydi rishikeshlik mutaxassis Krishna Narayan. – Meditatsiya yordamida og‘riq hislari va tananing sezuvchanligini to‘xtatib qo‘yish, qon aylanishini boshqarishni yoglar mashg‘ulotlarning dastlabki yillarida o‘rganishadi. Bu bilan Hindistonda hech kimni hayratga solib bo‘lmaydi. Oliy siddxalarni esa avliyo deb bilishadi, chunki ular zamonaviy olam tasavvuriga sig‘maydigan ishlarni qila oladilar. Masalan, tiriklayin ko‘milgan holda 3 oy yerostida yotishiga nima deysiz?

Tiriklayin ko‘milganda yog nafas kanalini yopish uchun til ostidagi burmachani kesib tashlaydi va uning burnini mum bilan yopib, so‘ng yerga ko‘mishar ekan. Albatta, bu texnikani keksa yoglardan sanoqligina kishi bajara oladi. Yogning yoshi qancha katta bo‘lsa, u shuncha tajribali bo‘ladi. 1990 yilda hind olimlari endigina olamdan o‘tgan siddxa Devrax Babadan DNK tahlili olisha — uning yoshi naq 250 yosh bo‘lib chiqadi.

Yoglar uzoq umr ko‘rishadi, bu fakt. Masalan, dunyodagi eng keksa kishilardan biri, Kalkuttada yashovchi yoga ustozi Svami Shivananda yaqinda 127 yoshini nishonladi. Yog faqat qaynatilgan taomlarni iste’mol qiladi, tuz va ziravorlarni umuman yemaydi va hech qachon uylanmagan. Shivananda sut va mevalarni zararli ovqat deb hisoblaydi, och qoringa uxlashni maslahat beradi. U elektrdan, mobil telefondan foydalanmaydi, har tongni ikki soatlik xatxa-yoga mashqlari bilan boshlaydi.

Hind yoglari haqidagi hikoyalarda yetakchilik qilayotgan asosiy narsa – bu lagxima, ya’ni havoda harakatlanish qobiliyati. Yoglar, nilufar guli usulida, o‘zbekchasiga aytganda, chordana qurib o‘tirgan holda keskin yuqoriga ko‘tariladilar va  yerdan taxminan 10 santimetr muallaq tura olishadi. Levitatsiya san’atini egallash uchun yoglarga 20 yilcha vaqt kerak bo‘lar ekan.

Levitatsiya bo‘yicha mutaxassis yog Subbayyax Pullavar 150 nafar guvohning ko‘z o‘ngida 4 daqiqa davomida havoda muallaq turgan. Bu vaqtda qariya trans holatida bo‘lgan. Tajriba tugagach, shifokorlar Pullavarning tana haroratini o‘lchashadi, u 25 gradusga tushib ketgan, mushaklari temirdek qattiq edi.

Hindistondagi yoglar haqida so‘z ketganda, ko‘rinmas odam haqidagi afsonalar ham haqiqatdek tuyuladi. Mamlakatda mashhur uch nafar siddxa diqqatni jamlash orqali atrofdagilar ko‘ziga ko‘rinmas bo‘lishni uddalagan. Hindiston janubida qo‘llari bilan avtomobilni ko‘taruvchi, ko‘kragida filni ko‘tarib tura oladigan, bir necha soat to‘xtamasdan yuguradigan qariyalar yashaydi. Bunday san’atni egallashga qiziqish shu qadar kuchliki, yoglar o‘nlab yillar davomida kuniga 16 soatdan mashq qilishga tayyor. Qiziq, u holda ular qachon odamga o‘xshab yashaydilar?

Rishikesh shahridagi yoglarning ko‘pchiligi g‘orlarda yashaydi, ularning fikricha, sivilizatsiya chalg‘itadi, xolos, tabiat bilan birlik insonga o‘z quvvatini boshqarishda yordam beradi. Hindistondan tashqarida, xorijda hind yoglariga doim tanqid, ishonchsizlik bilan qarashgan. Shunga qaramasdan, hind yoglarining o‘z tanasini nazorat qila olishi, nafas, yurak urishi va asab tizimini boshqarishni bilishi rasman tasdiqlangan. Sanoqsiz tajribalar har doim olimlarning shunday so‘zlari bilan yakunlanadi – bu jismonan imkonsiz, ammo biz ular buni qanday qilayotganini bilmaymiz! Albatta, 21-chi asrda ko‘pchilik hind siddxalarini ko‘zbo‘yamachi va yolg‘onchi deb hisoblashadi, biroq bu faktni ham isbotlab berolganlari yo‘q. Hind shaharlarida metalldan maxsus o‘tirg‘ich yasab olib, go‘yo havoda muallaq turgandek o‘tiradigan firibgarlar ko‘p, ammo ularga ko‘pam ahamiyat berishmaydi.

Dunyoda hind yogasi ma’lum va mashhur, tibet yogasi haqida esa ozchilik xabardor. Chunki tibetlik rohiblar buni uzoq vaqt sir tutgan. Tibet yoga falsafasi borliqni chek-chegarasiz his qilish, chuqur meditatsiya, moddiylikning ahamiyatsizligini tan olish, hamdardlik, butun tirik jonga bo‘lgan rahm-shafqatga yo‘naltirilgan. Hind yogasi bilan tanish kishi tibetlik rohiblarning mashg‘ulotlaridan ajablanishi tayin. Chunki rohiblar barcha mashqlarni bir joyda o‘tirgan holda bajarishadi. Jismoniy harakatlar bo‘lganda ham juda oz. Amaliyotda hindlar va tibetliklarning yogasi bir-biriga o‘xshamaydi.

Tibet rohiblari yoga texnikasi yordamida tushlarini boshqara olishadi. Ammo bu amaliyot juda ko‘p afsonalarga sabab bo‘lganki, ularga ishonish qiyin. Lekin tush yogasini har bir kishi mashq qilib ko‘rishi mumkin. Ba’zan ichki a’zolari va jismoniy holatini boshqara oladigan kimsalar uchrab turadi. Masalan, o‘zini «g‘arb so‘fiysi» deb ataydigan Jek Shvars bilaklariga metall bo‘lagini tiqib, so‘ng hech qanday og‘riqsiz, bir tomchi qonsiz chiqarib oladi. Tekshirishlar temir kirgan joyda kichik bir iz qolgani va u tez kunda tuzalib ketganini ko‘rsatdi. 

Nima bo‘lganda ham, yoglar kishilarni hayratda qoldirishda davom etmoqda va yogaga bo‘lgan qiziqish kundan-kun ortib bormoqda. Bugun dunyo bo‘yicha 300 milliondan ziyod kishi yoga bilan shug‘ullanar ekan. Hatto 21 iyun kuni xalqaro yoga kuni sifatida nishonlanadi. Shu yili, yangi yilning birinchi kuni Gujorat shtatining 108 joyida bir vaqtning o‘zida to‘rt ming nafar yog «Surya-namaskar», ya’ni Quyoshni kutib olish mashqini bajarib, jahon rekordini o‘rnatishdi. 

Muxlisa Rustamova.