Yo‘l harakati qoidalaridagi o‘zgarishlardan xabardormisiz?
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 apreldagi "Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasida bir qator yangiliklar ro‘y berdi. Bu nimalarda o‘z aksini topmoqda?
Samarqand shahridagi 4 ta chorrahaga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgandan keyin qoidabuzarliklar soni sezilarli darajada kamaydi. Ammo mazkur tizim amalga joriy etilishi barobarida qoidalarning ayrim bandlariga to‘ldirishlar kiritish zarurati tug‘ildi. Bu yerda gap 5.33 raqami bilan belgilangan to‘xtash chizig‘i to‘g‘risida ketyapti. Videokameralar bu qoidabuzarlikni ham tasvirga tushirar, haydovchilar esa ayrim hollarda "mashinam g‘ildiragi to‘xtash chizig‘ini bosmagan, oldingi nuqtasi chiziq ustida turibdi" qabilida e’tiroz bildirishardi.
Endilikda 5.33 yo‘l belgisiga kiritilgan tahrirga ko‘ra, transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak.
Yo‘l harakati qoidalarining 78-bandi 2-xatboshisi quyidagi ko‘rinish oldi: "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, DYHXX bilan kelishilgan holda yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydigan hollarda yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish bo‘laklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatib) vakolatlidir".
Avvalgi tahrirda faqat tezlikni oshirish nazarda tutilgan edi. Lekin tahlillar tezlikni oshirish barobarida uni pasaytirish ham zarurligini, transport vositalari harakatlanish tezligining oshishi yo‘l transport hodisasida fuqarolarga yetkazilgan jarohat og‘irligining tezlikka nisbatan geometrik progressiya tarzida oshishiga olib kelishini ko‘rsatdi. Yo‘l transport hodisalari tahlilidan kelib chiqqan holda, endilikda hokimliklar ayrim yo‘l uchastkalarida tezlikni pasaytirishlari ham mumkin bo‘ladi. Bu albatta, DYHXX bilan kelishilgan holda yo‘l belgilari o‘rnatilgach amalga oshiriladi.
Yo‘l harakati qoidalarining 88-bandi 2-xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilindi: "Aholi punktlaridagi ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi".
Bu o‘zgartirish ko‘cha va yo‘llar o‘tkazuvchanligining oshishiga xizmat qiladi.
Yana bir o‘zgarish - endilikda transport vositalarini yo‘lning qatnov qismi chetida parallel ravishda bir qator, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi. Shuni inobatga olgan holda 89-bandga "qatnov qismi chetiga parallel ravishda" so‘zi qo‘shildi.
"Chorrahada harakatlanish" deb nomlangan bobning 98-bandiga kiritilgan o‘zgartishga asosan, "aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega" bo‘ladi.
Amaldagi yo‘l harakati qoidalarida harakat tashkil etilgan chorrahada harakatlanish tartibi belgilab berilmagan, aylana harakat tashkil etilgan joylar bir-biridan farq qilar edi. Harakatlanish yo‘l belgilari asosida tashkil etilardi. Qoidaning 60-bandida haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi ko‘rsatib o‘tilgandi. Bu esa ko‘p hollarda aylanada tirbandlik yuzaga kelib, kesishmaning o‘tkazuvchanligiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Endilikda bu masalaga ham oydinlik kiritildi.
Qoidalarning 138-bandi esa quyidagi tahrirda bayon etildi:
"Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtotransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart".
Bu xavfsizlikni ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida joriy etildi. Chiroqlari yoqilgan holda harakatlanayotgan transport vositasi tez e’tiborga tushadi. Haydovchi ham, piyoda ham uni o‘z vaqtida ilg‘ab oladi.
"Yuk tashish" deb nomlangan bobning 162-bandiga quyidagi beshinchi xatboshi qo‘shildi: "...(avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaretli va og‘ir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek to‘kiladigan boshqa yuklarni tashishda) yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin materiallar bilan yopilgan bo‘lsa".
Yana bir o‘zgarish velosipedchilarga taalluqli. Endilikda velosipedchilar rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanishi (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno) taqiqlanadi.
Bundan tashqari, yo‘l-harakati qoidalarining 1 va 2-ilovalariga ham qo‘shimchalar kiritildi. Bir qator yangi yo‘l belgilari joriy etildi.
Bu yangilik va o‘zgarishlar yo‘llarimizda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Harakat ishtirokchilari bu o‘zgarishlarni to‘liq o‘zlashtirishlari hamda ularga amal qilishlari shart.
Abdunabi NOSIROV,
viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi
boshlig‘i, polkovnik.