Yo‘l harakatining yangi qoidalari kuchga kirdi
10 maydan mashina chiroqlarini doimo yoqib yurish kabi yo‘l harakatining yangi qoidalari kuchga kirdi, deb yozmoqda minbar.uz.
Masala tarixi: Yo‘l-transport hodisalarining (YTH) sonini kamaytirish uchun yangidan-yangi qoidalar qabul qilinmoqda. Hukumatning 9 apreldagi qarori bilan yo‘l harakati qoidalariga bir qator o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, ulardan eng muhimlari:
- aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakatli yo‘llarda to‘xtashga ruxsat etildi;
- aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport aylanaga kirib kelayotgan transportlarga nisbatan ustunlikka ega;
- kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransportlar yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart deb belgilangani bo‘ldi.
Bundan tashqari 28 ta yangi yo‘l belgilari amaliyotga kiritildi.
Bu qaror e’lon qilingan sana, ya’ni 10 apreldan kuchga kirishi kerak edi. Aholining barvaqt ogohlantirilmaganligi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lganidan keyin, yangi qoidalar bo‘yicha jarimalar bir oydan keyin, 10 maydan kuchga kirishi aytilgandi.
Kunduz kuni avtomobillar chiroqlarini yoqib harakatlanishi nega muhim?
Umuman olganda, ushbu qoidani yo‘l harakati sohasi mutaxassislari ijobiy baholashadi. O‘nlab rivojlangan mamlakatlarda transportlar uchun shunday talablar joriy etilgan. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish yo‘l-transport hodisalari sonini 10-15 foiz kamaytiradi.
Transportlarning chirog‘ini yoqib harakatlanishi, ayniqsa, piyodalar ishtirokidagi avariyalarni kamaytiradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ular ko‘z qiri bilan aynan chiroqlari yoniq holda kelayotgan mashinani oldinroq payqar ekan.
Buning foydasini ilk bor bundan 20 yilcha oldin Skandinaviyada payqab qolishgan. U yerlarda tez-tez tuman tushishi haydovchilarni shunga majbur qilgan. Shundan so‘ng yo‘llarda avariyalar soni keskin kamaygan.
Bugungi kunda 20 dan ziyod mamlakatda avtomobillar uchun yil bo‘yi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish qoidasi joriy etilgan. Masalan, Estoniyada ushbu qoidani buzgan haydovchilarga 200 yevrogacha jarima solinadi, bu jazo Latviyadagidan deyarli 30 barobar og‘irdir (u yerda chirog‘ini yoqmay yurganlarga 7 yevro jarima belgilangan).
Kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqni yoqib yurish qoidasi Belarus va Ukrainada ham joriy qilingan. Rossiyada chiroqni yoqmay yurganlik uchun 500 rubl jarima solinadi.
Lekin chiroqlarni doimo yoqib yurish mashinaga jiddiy zarar keltirmaydimi yoki ko‘p benzin yemaydimi?
Mutaxassislarning fikricha, chiroqlarni yoqib yurish mashinaga zarar yetkazsa ham, bu asosan yoritish jihozlarining iste’mol muddatiga ozgina ta’sir qilishi va akkumulyatorga qo‘shimcha talab tushishi bilan bog‘liq.
Ushbu qoida joriy etilishiga qarshilar esa kuyib qolgan chiroqlarni odatdagidan tezroq almashtirishga to‘g‘ri kelishidan ham ko‘ra yonilg‘i ko‘proq sarf bo‘lishidan xavfsiraydi. Aslida benzin iste’molida farq bo‘lsa ham, bu farq katta emas – soatiga 100 millilitrgina benzin ortiqcha ketadi.
Bu ikki muammo ham YTHga tushib, ortiqcha xarajat va birovning umriga zomin bo‘lishning oldida hech gap emas.