Yo‘l kira haqiga marixuana

Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi. Payariq tumani Sorisuv mahallasida istiqomat qilgan Q.Nurullayev o‘zining tomorqasiga 49 tup kannabis o‘simligi ekib, parvarishlagan.

Q.Nurullayev 2019 yil 11 noyabr kuni Samarqand shahridagi “Oltin baliq” oshxonasida ovqatlangach, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda chiqib, taksi to‘xtatadi va haydovchiga uyigacha olib borib qo‘yishini aytadi. Yetib kelgach, taksi haydovchisiga yonida puli yo‘qligi sabab yo‘l kira haqi evaziga 2 dona selofan paketdagi 35,55 gramm marixuana giyohvandlik vositasini beradi.

Ammo taksi haydovchisining hushyorligi unga pand berdi. Haydovchi bu voqea haqida tegishli joyga xabar berdi. Ushbu xabar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan Q.Nurullayevning uyida o‘tkazilgan tintuvda 606,2 gramm marixuana va 4510 gramm (49 tup) kannabis giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining hukmi bilan Q.Nurullayev ozodlikdan mahrum qilindi.

Sh.Sharipov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining raisi.