Yolg‘onchi qop
Bozor gavjum. Keksa dehqonning sabzisiga xaridor bo‘ldim. Mushak sabzi. Nokdek yaraqlab turibdi.
Mendan oldin kelgan shlyapali xaridor savdolashguncha poylab turdim. Shlyapali sabzini qopi bilan oladigan, dehqon narxini tushiradigan bo‘ldi.
– Manavi qop necha kilo chiqadi? – dedi xaridor bo‘g‘zigacha to‘ldirib, ustiga sabzi bargi solingan qopni ko‘rsatib.
– Ellik kilo, bolam, – dedi dehqon.
– Harqalay, tortib ko‘rsakmikin? – dedi xaridor ikkilanibroq.
– Bemalol, bolam, bemalol! – Dehqon rasta boshiga imo qildi. – Hov, anavi yerda katta tarozi bor. Aravachi bolani chaqirsang, qopi bilan olib borasan. Birpasda tortib ko‘rasan.
Shunday bo‘ldi. Xaridor qopni temir aravaga orttirib olib ketdi. Bir ozdan keyin bola aravani sudrab keldi. Ketidan xaridor ham yetib keldi.
– Ota, – dedi kissasini kovlab, – qopingiz qirq besh kilo chiqdi.
Dehqon goh xaridorga, goh qopga hayron bo‘lib qaradi. Chindan ham qopning og‘zi ochilmagan, hatto sabzi barglari ham joyida edi. Tirnoqlari qorayib ketgan barmoqlari bilan soqol-mo‘ylovini siladi. Keyin sabzi to‘la qopni beozor shapatiladi.
– Nega menga tuhmat qilasan, noinsof qop?! – dedi bosh chayqab. – Oppoq soqolim bilan yolg‘on gapiramanmi, esi past qop! Shuncha yil mehnat qilib, birovning haqiga xiyonat qilganimni ko‘rganmiding, nobakor qop! Ertamattan o‘z qo‘lim bilan tortganimda ellik kilo chiqqanding-ku, turgan joyingda besh kilo sabzini yeb qo‘ymagandirsan, yolg‘onchi qop?!
...Pul sanayotgan shlyapalikning rangi o‘chdi. Bir zum ko‘zini pirpiratib turdi-da, o‘zini olomon orasiga urib, g‘oyib bo‘ldi.
– Bolam, – dedi dehqon angrayib qolgan aravakashga, – sabzini joyiga opqo‘yaqol, baraka topkur. “Qop” shuncha mulzam bo‘lgani yetar. Endi minba’d yolg‘on gapirmaydi!
...Dehqonning tirnoqlari qorayib ketgan qo‘lini mahkam siqib qo‘ygim keldi...
O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”idan.