Yomg‘ir yog‘di ko‘l bo‘ldi, muammolar mo‘l bo‘ldi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimligida viloyatda, xususan, Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida ichimlik suvi, oqava suv, tabiiy gaz tarmoqlari tortilishi uchun olib borilgan qazish, shundan keyingi ta’mirlash ishlaridagi kamchiliklar, uning oqibatlari va yechimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyatdagi sohaga aloqador idoralar rahbar va mutaxassislari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari M.Mirzayev keyingi kunlarda yoqqan yomg‘ir Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalarda kommunal tarmoqlar tortilishi oqibatida olib borilgan qazish va ta’mirlash ishlaridagi kamchiliklar nafaqat piyodalarga, balki jamoat transporti uchun ham og‘ir oqibatlarni yuzaga keltirganini ta’kidladi. Jumladan, ikki kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda shaharning Ro‘dakiy ko‘chasida harakatlanayotgan yo‘nalishli avtobuslardan birining oqava suv tarmog‘i ko‘milgan asfalt yo‘lda paydo bo‘lgan chuqurga tushib ketgani ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi.
Matbuot anjumanida viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i R.Sattorov ko‘chalardagi qurilish-ta’mirlash ishlaridagi kamchiliklar, jumladan, Rudakiy ko‘chasining Beruniy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha bo‘lgan oqova suv tarmog‘i qurilishi ob’yektida aniqlangan kamchiliklar, yog‘ingarchilik oqibatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Buyurtmachi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga qarashli “Suv ta’minoti va oqava suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Sh.Abdurahmonov, bosh pudratchi “Bog‘dod Karvon” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi N.Abilov, loyiha muallifi «Ta’mirloyiha» MChJ rahbari D.Qodirovlar umumiy qiymati 7 milliard 304 million so‘m bo‘lgan mazkur loyihalar bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi. Ular mazkur ishlarni bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni izohlash bilan birga, 10 kun muddat ichida to‘liq bartaraf etishga va’da berishdi.
- Bugungi o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni hal qilish choralari ko‘rilmoqda, - dedi Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov. – Har bir javobgar shaxs qonun oldida javob beradi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilar, ammo yana qancha vaqt o‘sha yo‘ldan o‘tib qaytayotgan xalq asabbuzarliklarga duch keladi? Qachongacha yo‘llarni qayta ta’mirlash ishlarini, deb shahar aholisi va mehmonlar tirband ko‘chalarda harakatlanishi kerak? O‘ylaymanki, bugungi uchrashuvdan kamchilikka yo‘l qo‘ygan quruvchilar ham, boshqa mutasaddi rahbarlar ham o‘zlariga kerakli xulosani chiqaradi.
Shuningdek, tadbirda Samarqand shahar prokurori D.Saidqulov shahardagi Gulobod ko‘chasida ta’mirlash ishlaridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi, Rudakiy ko‘chasida paydo bo‘lgan muammolar bo‘yicha ham surishtiruv ishlari olib borilayotganligi haqida axborot berdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan matbuot anjumani bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
To‘lqin SIDDIQOV.