Yomon so‘z odam DNKsiga ta’sir qiladi

Ilm-fan katta taraqqiyotga erishgan bugungi kunda g‘iybatning inson tanasiga zarar yetkazishi haqida ilmiy dalillar bor. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Bu ayni haqiqat. Rossiya Fanlar akademiyasining Kvant genetikasi instituti olimlari tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida yomon so‘zning salbiy oqibatlari aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘zlar shaklida taqdim etilgan elektromagnit tebranishlar DNK molekulalarining xususiyatlari va tuzilishiga bevosita ta’sir qilar ekan.

Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, g‘iybat qilishga moyil bo‘lgan odam o‘zini nafaqat abadiy, balki dunyoviy azoblarga ham mahkum qiladi. Aytgan so‘zlarining salbiy oqibatini bilmasligi sababli bu kontekstdagi «azob» so‘zi odamga oddiy so‘z bo‘lib tuyulishi mumkin. Bu harakatlar molekulyar darajada sodir bo‘ladi va faqat vaqt o‘tishi bilan odam bunday ta’sir natijasini kasallik, ruhiy buzuqlik, boshqalar bilan toksik munosabatlar va hokazolar shaklida his qila boshlaydi.

Agar nutq odobsiz va noxush so‘z birikmalardan iborat bo‘lsa, DNK molekulalarida salbiylikning ko‘pligidan «yomon dastur» yoki «o‘z-o‘zini yo‘q qilish” dasturi «ishga tushadi». Ya’ni, o‘z-o‘zini yo‘q qilishga qaratilgan jarayonlar harakatlana boshlanib, DNK tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi. Aytilishicha, haqoratli so‘z nurlanish kuchi ming rentgenga teng darajada irsiy materialning o‘zgarishiga olib keladigan omil - mutagen ta’sirga ega bo‘lar ekan.

Ijobiy ma’noga ega so‘zlar munosib ta’sirga ega. Misol tariqasida sahobalar bilan bo‘lib o‘tgan bir voqeani keltirsak.

Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiilinishicha, bir kuni Payg‘ambarimizning bir guruh sahobalari safarga chiqqan ekan. Ular bir manzilgohga yetib kelgach, dam olish uchun boshpana so‘rashdi, lekin rad javobini oldi. Bir muddat o‘tib, ushbu qishloq oqsoqollaridan birini ilon chaqqani va unga hech kim yordam bera olmagani ma’lum bo‘ldi. Ular yordam so‘rab “Oqsoqolimizni ilon chaqdi, hech bir choramiz yordam bermadi, sizda biror narsa bormi?”, deya mehmonlarlarga murojaat qilishdi.

Sahobalar: «Ha, bizda duo bor, lekin siz bizni mehmon qilishdan bosh tortdingiz va fikringizni o‘zgartirmaguningizcha sizlarga yordam bermaymiz», deb javob berishdi. Ular rozi bo‘lgach, kasalga “Fotiha” surasini o‘qishdi. Shundan so‘ng u darhol shifo topdi.

Bundan tashqari, kishining tanasidagi DNK darajasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar uning avlodlarga o‘tadi. Ya’ni, “Agar men g‘iybat qilib, beodob so‘zlarni ishlatadigan bo‘lsam, mening avlodlarim ham bunga moyil bo‘ladimi?”, degan savol tug‘iladi.

Aynan. Avloddan-avlodga o‘tadigan, asosi oldingi avlodlarning nutqi bilan negizlangan «genetik meros»da o‘z-o‘zini yo‘q qilish jarayonlarining ta’siri kuchayadi.

Shuningdek, DNK uchun gapdon kim bo‘lishligi muhim emasligi aniqlandi. DNKning tuzilishiga nafaqat odamning aytganlari, balki eshitganlari ham ta’sir ko‘rsatadi. Agar biror kishi radio yoki televizorda, hatto suhbatda boshqa odamning og‘zidan so‘kinish, qarg‘ish yoki boshqa yomon so‘zlarni eshitsa,  bu shu so‘zlarni xuddi uning o‘zi aytgandek salbiy ta’sir qiladi. Darvoqe, Ibn Umardan rivoyat qilingan hadisni ham eslaylik: “Tinglovchi g‘iybat qiluvchi gunohiga sherikdir” (Tabaroniy rivoyati). Demak, biz quyidagi xulosalarga kelishimiz mumkin:

- DNK tuzilishiga ham aytilgan, ham eshitilgan so‘zlar ta’sir qiladi;

- inson nutqining mazmuni bevosita inson genomi (organizmning barcha irsiy ma’lumotlar majmui) ga ta’sir ko‘rsatadi.

Umuman olganda, so‘zlarning ham ijobiy, ham salbiy ta’sir qilish imkoniyati insoniyatga azaldan ma’lum. Tibbiyot rivojlanmagan davrlarda odamlar ibodat va yaxshi so‘zlardan shifo topgan, haqoratli so‘zlar va la’natlar esa jodu darajasida qabul qilingan. Modomiki, o‘sha paytda bular ong taxminlari bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ilmiy jihatdan tasdiqlangan faktlardir. Biz albatta, gapirganimizda, tinglaganimizda va o‘qiganimizda hushyorligimizni oshirishimiz kerak.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.