Yonida qalbaki 1450 dollar bilan ikki shaxs ushlandi
2020 yil 13 yanvar kuni “Chinor” YPX maskanida xizmat olib borayotgan Ohangaron tumani IIB YPX xodimlari tomonidan Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro 33 yoshli U.M. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashinasi to‘xtatildi.
Tekshiruv vaqtida yo‘lovchi - 22 yoshli I.S.ning yonidan 1 (bir) dona 100 AQSh dollari va 2 (ikki) dona 50 AQSh dollari kupyurasidagi hamda 23 yoshli T.X.ning yonidan 21 (yigirma bir) dona 50 AQSh dollari va 2 (ikki) dona 100 AQSh dollari kupyurasidagi pullari borligi aniqlandi.
Umumiy 1.450 AQSh dollari miqdoridagi pullar shubha tug‘dirganligi sababli tekshirib ko‘rishlik uchun ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Sud-texnik ekspertiza xulosasida, I.S. va T.X.lardan olingan 1.450 AQSh dollari miqdoridagi pullar qalbaki ekanligi va AQShda ishlab chiqarilgan nominal pul kupyurasiga mos kelmasligi qayd etilgan.
Holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda U.M. va T.X.lar protsessual tartibda ushlangan.
Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.