“Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lmaganlar ham yutuqlarga ega bo‘lyapti. Shu gap rostmi?
Samarqand viloyat Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazilmoqda. Unda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida uch yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 48 nafar kitobsevar yoshlar ishtirok etmoqda. Kecha 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda 16 nafar kitobxon o‘g‘il-qiz ikki shart bo‘yicha yana bir bor o‘z bilimlarini sinab ko‘rdi. Yakunga ko‘ra 1-o‘rinni Oqdaryo tumanidan Gulsanam Abdulakimova egalladi va tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
- Mazkur tanlov yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobga mehrini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayapti, - deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – Tanlovning nufuzi yildan yilga ortib bormoqda. Unda ishtirok etuvchi kitobxonlarning ham safi kengayib bormoqda, ayniqsa, 10-12 yoshli bolalarning tanlovga qiziqishi ortib borayotgani quvonarlidir. Kecha o‘tkazilgan tanlovda Toyloq tumanidagi 46-maktabning 10 yoshli o‘quvchisi Boboxon Fozilovning ishtiroki ko‘pchilikni hayratga soldi va u tanlovning viloyat bosqichida eng yosh ishtirokchi, deya e’tirof etildi.
Bugun esa 15-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan tanlov ham o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Unda g‘oliblikni paxtachilik Mashhura Kamolova qo‘lga kiritdi. Tanlovning har bir ishtirokchisi oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Ularning ko‘nglida bir xil fikr – tanlovda g‘olib bo‘lmasa ham yutuqlarga ega bo‘lish. Bu yutuqlar ma’naviy boyliklar - bilim, tafakkur, keng dunyoqarash.
Mazkur tanlovning viloyat bosqichi ertaga 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida davom etadi.
To‘lqin Siddiqov.