Yosh musavvirlar bojxonachilar ishini rasmlarda aks ettirdi

14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand viloyat bojxona boshqarmasida xizmat olib borayotgan bojxona xodimlarining farzandlari o‘rtasida “Mening otam bojxonachi” mavzusida rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash, ularni Vatanga munosib farzand bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish hamda tinchlikni qadriga yetib, ularda harbiylik kasbiga mehr uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda 1-8 sinflarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar ishtirok etdi. Yosh musavvirlar tomonidan chizilgan suratlarda O‘zbekiston Respublikasi chegaralari, davlat gerbi, bojxona xodimi qiyofasi, bojxonachilarning bojxona ko‘rigini amalga oshirish jarayoni, kichik inspektor-kinologlar faoliyati aks ettirilgan.

E’tiborlisi, bojxonachilar ko‘rik-tanlov g‘oliblari ta’lim olayotgan maktablarga tashrif buyurdi va ularga viloyat bojxona boshqarmasining esdalik sovg‘alarini topshirdi. Shu bilan birga ana shunday iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni tarbiyalayotgan maktab ma’muriyati va o‘qituvchilariga boshqarmaning “Tashakkurnoma”si berildi.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.