Yozgi olimpiada-2020: "Tokio sari yo‘l"

2016 yilgi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari sport olamida unutilmas voqealarga boy bo‘ldi.

Oradan uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, bugun o‘sha damlarni har bir sport ixlosmandi hayajon bilan esga oladi. Mazkur nufuzli sport anjumanda bulung‘urlik polvon Mo‘minjon Abdullayev ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan edi.

Xalqaro musobaqalardagi ilk ishtirokini 2009 yilda Filippin davlatida qo‘lga kiritgan yunon-rum kurashi ustasi M.Abdullayev oradan 3 yil o‘tib, Ostonada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 120 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqib, yakunda II o‘rinni egalladi. Shuningdek, London shahrida bo‘lib o‘tadigan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham munosib ishtirok etdi.

2016 yilda Mongoliya poytaxti Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan “Rio-2016”ga yo‘llanma beruvchi xalqaro turnirda 130 kilogramm vaznda gilamga chiqdi. Unda faxrli 3-o‘rinni egallab, nufuzli musobaqada ishtirok etadigan bo‘ldi.

– Ushbu yo‘llanmani ikki bor qo‘lga kiritganman, – deydi M.Abdullayev. – O‘tgan yili Qozog‘istonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibiga aylandim. Joriy yilning aprel oyida Xitoy Taypeyida Osiyo chempionatida ham shunday natija ko‘rsatdim.

M.Abdullayev o‘nga yaqin turli darajadagi musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar orasidan joy oldi. Mo‘minjon mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi hamdir. U bugun yuqori sport formasida. M.Abdullayevning 2020 yilda Tokioda bo‘ladigan galdagi olimpiadada ishtirok etishiga umid bildiramiz.

Bahriddin XONKELDIYeV tayyorladi.