YUNESKO yodgorliklari qaysi mamlakatda ko‘p?

18 aprel - Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni. Bugun shu haqda ayrim ma’lumotlarni taqdim etamiz. YUNESKO Butunjahon merosi 1978 yildan buyon har yili yangi diqqatga sazovor joylar va hodisalarni qabul qilib kelmoqda. Hozirda bu ro‘yxatda butun sayyoradagi ularning har biri insoniyat sivilizatsiyasi uchun katta ahamiyatga ega 1150 dan ortiq ob’yekt bor.

Jahon merosi ro‘yxatiga kirish uchun mulk biror bir sivilizatsiya uchun noyob hisoblanishi, inson ijodiy dahosining asari, insoniyat tarixidagi muhim davrni aks ettiruvchi arxitekturaning ajoyib namunasi bo‘lishi, muayyan tarixiy davr yoki madaniy makonda umuminsoniy qadriyatlarning o‘zaro ta’sirchanligi kabi mezonlarga javob berishi kerak.

Madaniy va tabiiy meros yodgorliklari uchta toifaga bo‘linadi:

- asosan inson qo‘li bilan yaratilgan me’moriy yodgorliklar;
- tabiat yaratgan, masalan, tog‘ jinslari yoki g‘orlar, ko‘llar, daryolar va sharsharalar;
- tabiat va inson hamkorligida yaratilgan turli xil bog‘-rog‘lar.

Italiyada YUNESKOning 58 ta ob’yekti bor. Mamlakatda insoniyat madaniyati uchun juda muhim ob’yektlar sifatida tan olingan butun shaharlar mavjud. Italiya yodgorliklari qatorida Rim, Neapol va Siyena shaharlarining tarixiy markazlari bor. Dolomit tog‘lar tizmasi, Etna vulqoni kabi tabiiy ob’yektlar va inson qo‘li yaratgan 23 ta mahalliy durdona asarlari ham bu ro‘yxatdan joy olgan.


Xitoy o‘zining qadimiy g‘orlari, saroy va maqbaralari, ibodatxonalar va hokazolari bilan (jami 54 ta ob’yekt) Italiyadan keyingi o‘rinni egallaydi.

Ro‘yxatdan Yevropaning to‘rtta - Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Ispaniya davlatlari ham joy olgan. Bu davlatlarda tabiiy emas, balki soni 33 dan 51 tagacha bo‘lgan qimmatli madaniy durdonalar hisoblanadigan yodgorliklar bor.



Hindiston va Meksikada teng miqdordagi, har bir davlatda 40 tadan Jahon merosi ob’yektlari bor.


Rossiyada YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatidan joy olgan 30 ta ob’yekt mavjud bo‘lib, bu jami yodgorliklar umumiy sonining 2,6 foizni tashkil qiladi. Moskva, Novgorod, Qozon Kremllari, Komi bokira o‘rmonlari, Baykal ko‘li, Kamchatka vulqonlari, Oltoyning oltin tog‘lari va hokazolar shular jumlasidandir.



Eron hududidagi YUNESKOga kiritilgan 26 ob’yekti bilan kuchli o‘ntalikni yakunlaydi.

***

Tahr.: O‘zbekiston Respublikasi 1993 yilda BMTning ilm, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti YUNESKOga a’zo bo‘ldi. O‘shandan buyon mamlakatimiz Butunjahon moddiy va nomoddiy madaniyat merosining o‘rganish ob’yektiga aylandi.

Ro‘yxatga 4 ta me’moriy majmua - Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari, shuningdek, Ugom-Chotqol milliy bog‘i kiritilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning nomoddiy madaniy meros obidalari sifatida Navro‘z bayrami, “Shashmaqom” xalq qo‘shiqlari, “Katta ashula” an’anaviy qo‘shiqlari, Askiya san’ati, Boysun madaniy makoni, Xorazm “Lazgi”si, milliy palov, atlas, adras va miniatyura san’ati YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.