Yuqori sinf o‘quvchilari nega maktabga emas, “repetitor”ga qatnayapti?

Maktablar reytingini belgilashdagi indikatorlardan biri – bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichining inobatga olinishidir. Qaysi maktabda bilimli, tajribali o‘qituvchilar bo‘lsa, o‘sha maktab o‘quvchilari ko‘proq oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kiradi. Biroq ba’zi qoloq maktablar reyting ko‘rsatkichini ko‘tarishning boshqa yo‘lini topishgan.

Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan ayrim bitiruvchi sinf o‘quvchilari darsga bormasdan “repetitor”ga qatnamoqda. Bundan maktab direktori va sinf rahbari xabardor, ammo ularning o‘zlari ba’zi o‘quvchilarga ruxsat berib qo‘yganmish.

- O‘g‘limning maktabida sinf rahbari darslarga kelmasang ham mayli, o‘qishga kirsang bo‘ldi, degan emish, - deydi ota-onalardan biri. – O‘g‘lim shu yil maktabni bitiradi. U o‘qishga kirish uchun kun bo‘yi “repetitor”ga qatnaydi, ammo darsga bormaydi. Sinfida a’lo bahoga o‘qiydigan o‘quvchilarning deyarli barchasi maktabga bormayotgan emish.

- Dugonam bilan Samarqand shahrida ijarada yashab, “repetitor”ga qatnayapman, - deydi payariqlik Dilfuza ismli qiz. – Shu yil maktabni bitiramiz, o‘qishga kirish uchun direktordan ruxsat so‘rab, darsga bormasdan, o‘qishga tayyorlanyapmiz. Faqat choraklik imtihonlarni topshirish uchun maktabga boryapmiz.

Bugun atrofingizni kuzatsangiz, yaqinlaringiz ichida bu kabi holatlarga tez-tez duch kelasiz. Nima bo‘pti, o‘qishga kirish uchun tayyorlanyapti ekan, bilim olishning nimasi yomon, deyishingiz mumkin. Agar bu holat yildan yilga ommalashib ketsa, o‘quvchilar maktab o‘qituvchisiga emas, “repetitor”ga ishonsa, yuqori sinfga o‘tgach, maktabga bormay qo‘ysa, maktabning obro‘si qoladimi? Bitiruvchilarim o‘qishga kirsa bo‘ldi, darsga kelmasa ham mayli, deydigan maktab direktorlari qanchalik haq? Ikkinchi tomondan, hamma ota-onaning ham “repetitor”ga pul berishga qurbi yetmaydi. “Repetitor”ga qatnaydigan o‘quvchi qizlardan biri oyiga 1 million so‘m to‘lashini va uchta fandan tayyorlanayotganini aytdi. Bundan tashqari, uning ijara uyi, oziq-ovqati uchun pul sarflanyapti.

To‘g‘ri, rivojlangan davlatlarda ham ota-onalar farzandlarini qo‘shimcha darslarga berishadi. Ammo ular maktabdan ajralmagan holda qo‘shimcha darslarga qatnaydi. Xo‘sh, yuqori sinf o‘quvchilarining maktabga bormasdan “repetitor”ga qatnayotganini kim qanday izohlaydi?

Elyor Po‘latov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i:

- Maktablar reytingi sakkizta indikator bo‘yicha baholanadi. Mana shu indikatorlar bo‘yicha maktablarda yetarlicha ishlar olib borilmayapti. O‘quvchining maktabga bormasdan, faqat uchta fandan tayyorlanayotgani davlat ta’lim standartlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bitiruvchilar uchun har bir maktabda darsdan so‘ng repetitorlik tashkil etilishi lozim. Fan o‘qituvchilari oliy ma’lumotli, o‘z fanini yaxshi biladi. “Repetitor” beradigan bilimni maktab o‘qituvchisi ham bera oladi. O‘quvchilarning qaysi mutaxassislikni tanlayotganiga qarab, kerakli fanlar chuqurlashtirib o‘qitilsa, ham maktab reytingi, ham o‘qituvchining tajribasi oshadi.

Otabek Chinniqulov, Payariq tumanidagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

- O‘tgan yili o‘quvchilarimizning 45,5 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bungacha ikki yil birortasi ham o‘qishga kirolmagan. Rosti, bitiruvchilarni oliy ta’limga jalb qilishning o‘zi bo‘lmadi. Maktabimiz aholi tarqoq tog‘li hududda joylashgani uchun bu yerda hamma ota-ona ham farzandi oliy ma’lumotli bo‘lishini istamaydi. Ota-ona istamaganidan keyin, bolada ham o‘qishga xohish bo‘lmaydi. Shuning uchun ota-onalar bilan alohida suhbatlashdim, maktabda asosiy fanlardan qo‘shimcha darslar tashkil etdik. O‘quvchilarimiz o‘z bilimi bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib ketgach, undan pastki sinf o‘quvchilarida ham o‘qishga qiziqish uyg‘ondi. O‘qisa kirar ekan-ku, degan tushuncha paydo bo‘ldi. Demoqchi bo‘lganim, olis hududdagi maktabda o‘quvchilarga shart-sharoit yaratib, ularni ba’zi maktab direktorlari kabi darsdan ozod qilib yubormasdan, oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga tayyorlayapmiz. Bu yil yanayam yuqori ko‘rsatkichlarni umid qilyapmiz. Ammo menga ba’zi ota-onalardan shunday takliflar ham bo‘ldi. Bir necha shaharlik tanishlarim farzandining o‘qishini maktabimizga ko‘chirib, bola darsga qatnashmasdan “repetitor”ga borishini, men esa indamasligimni aytishdi. Tabiiyki, men bunday taklifga rozi bo‘lmadim. Shahar maktablarida talab kuchli bo‘lgani uchun ayrim ota-onalar chekka hududdagi maktablar bilan “kelishib”, farzandining o‘qishini o‘sha maktabga ko‘chiryapti. Bola esa darsga bormasdan, “repetitor”ga qatnayapti. Bunday holatni oqlamayman, avvalo, bu tashabbus ba’zi ota-onalarning o‘zlaridan chiqyapti.

Feruza Davronova, Samarqand shahridagi 30-o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:

- Men ba’zi o‘quvchilarning o‘qituvchiga emas, “repetitor”ga ishonishini oqlamayman. Bizning maktabda tajribali, o‘z fanini chuqur biladigan o‘qituvchilar ko‘p. Shuning uchun bizda darsga qatnashmaydigan o‘quvchining o‘zi yo‘q. Maktabimiz ham o‘tgan yili reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha shaharda to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Har bir maktab talabga qarab, yuqori sinf o‘quvchilari uchun qo‘shimcha darslar tashkil etyapti. Masalan, bizda kimyo, biologiya fanlaridan qo‘shimcha darslar o‘tilyapti.

Tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, ba’zi qoloq maktab direktorlariga “yuqoridan” buyruq bo‘lgan, ya’ni kelasi yil ham maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmasa, ishdan ketishi haqida po‘pisa qilingan. Lavozimidan ajralishni istamagan direktorlar maktab reytingini ko‘tarish uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘layotgan emish. To‘g‘ri, qarsak bir qo‘ldan chiqayotgani yo‘q. Ayrim ota-onalar ham farzandim o‘qishga kirolmasa nima bo‘ladi, degan tashvishda maktab direktori bilan “kelishyapti” yoki farzandining maktabini o‘zgartirib, bolani “repetitor”ga beryapti.

Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘quvchi, avvalo, maktabda davlat standartlari asosida tashkil etilgan darslarda undan keyin qo‘shimcha mashg‘ulotlarda ishtirok etishi kerak. Ta’lim sifati uchun kurashilayotgan bir paytda o‘quvchining darslarda ishtirok etmasligini oqlab bo‘lmaydi.

Xurshida Ernazarova.