Yuridik iste’molchini maishiy iste’molchi sifatida dasturga kiritgan xodimning aybi ochildi

Samarqand tumani “Do‘stlik” elektr ta’minoti korxonasining xodimi S.Sayamov 2018 yil oktyabr oyida Sh.Komilovdan tadbirkorlik sub’yektining elektr hisobga olish uskunasini kompyuter dasturiga kiritib berish uchun 200 ming so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

U iste’molchiga o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanishga ruxsat berib, yuridik iste’molchini maishiy iste’molchi sifatida dasturga kiritgan. Buning natijasida “Do‘stlik” elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 4 mln. 176 ming so‘m miqdorda zarar yetkazgan.

S.Sayamovdan firibgarlik orqali qo‘lga kiritgan 200 ming so‘m va iste’molchi tomonidan qayta ulov uchun to‘lab berilgan 405 ming so‘m jami 605 ming so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olindi.

To‘plangan hujjatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.