Yurtimizda koronavirusga chalingan 7 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, 1955 fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 86 bemorning 16 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 79 bemordan 1 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 105 bemordan 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 4 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

992 hamyurtimiz kasallikdan to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi.

Karantin tadbirlariga rioya qilmaslik qanday jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida qayta-qayta gapirilyapti. O‘ylaymizki, siz karantin tadbirlarini, talablarini to‘liq anglab yetdingiz. Endilikda, uyda qolish, ko‘chaga chiqmaslik, muloqotdan tiyilish, qolaversa, muloqotga ehtiyoj bo‘lganda masofa ushlash orqali saqlanish mumkinligini bilasiz. Shunday ekan, karantin tadbirlari tugagunga qadar ushbu talablarga to‘liq rioya etishingiz kerak. Zinhor o‘zingizni xavf ostiga qo‘ymang. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi atrofimizda yo‘q, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Har biringizda o‘zingizni himoya qilish imkoniyati bor ekan, undan foydalaning.