@zarafshonbot ga murojaat: Bulung‘urlik talabadan Samarqanddagi qarindoshinikida yashayotgani uchun jarima undiriladimi?

Samarqand davlat chet tillar instituti xalqaro jurnalistika yo‘nalishi birinchi kurs talabasiman. Samarqand shahar, Sug‘diyona mahallasida xolamning uyida istiqomat qilaman. Hozirda xolam Mohira Isroilova Turkiya davlatida bo‘lganligi uchun ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayapman.

Oilamiz o‘rtahol bo‘lganligi uchun ijarada yoki talabalar yotoqxonasida yashashga imkoniyatim yo‘q.

Yaqinda viloyat IIB XOOBning boshlig‘i Akram Halimov o‘tkazgan matbuot anjumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasayam talabalarga   jarima qo‘llamaymiz, degandi. Ammo shu yilning 10 mart kuni Sug‘diyona mahallasi profilaktika inspektori (ismi Feruz ekan) bizni mahallaga chaqirtirib, vaqtincha ro‘yxatda turmaganligimiz uchun jarima qo‘llash to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma tuzdi.

Vaholanki, Prezidentimizning 2020 yil 22 apreldagi “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining muayyan hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tegishincha ushbu hududning boshqa manzilida istiqomat qilsa, turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olinishi shart emas.  U pasport tizimi qoidalarini buzgan deb hisoblanmaydi, deb belgilangan.

Boshqa viloyatlarda ham talabalardan propiska talab qilmayotgan bir paytda biz - shu viloyatning tumanida yashovchi fuqaroga ma’muriy jarima qo‘llanishi adolatdanmi?

Komila Qobilova.