@zarafshonbot‘ga murojaat: “Yoshlar uyi”da istiqomat qiluvchilarga nega “Qishloqqurilishbank” xodimlari karantin davridagi kredit qarzdorligini biryo‘la to‘lashni talab qilyapti?

Samarqand shahri Navoiy shohko‘chasidagi 7-uyda, ya’ni Ipoteka krediti asosida 20 yil muddatga berilgan “Yoshlar uyi”da istiqomat qilaman.

Farzandim betob bo‘lganligi sabab, ishdan qolib unga uyda qarashga majbur bo‘ldim. Ayni tushlik paytida o‘zini “Qishloqqurilishbank” xodimlari, deya tanishtirgan ikki kishi eshikni taqillatib keldi. Ular “Karantin paytida to‘lamagan qarzingiz qanchaligini bilasizmi? Sizning ishingiz sudga oshirilganidan xabardormisiz? To‘lamasangiz, o‘zingizga yomon bo‘ladi”, deb dag‘dag‘a qila boshladi.

Bu birinchi holat emas, ayrim qo‘shnilarning aytishicha, biz ishda bo‘lgan vaqtimizda aynan shu masala yuzasidan bir necha marotaba bank xodimlari kelishgan. Bundan tashqari, turli raqamlardan bank xodimiman, bank yuristiman, “Falon million pulni to‘lamasang, ishingni sudga oshiraman”, deb qo‘ng‘iroq qilib, bosim o‘tkazib kelmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni haqida aytganimda “bu farmonning sizlarga taalluqli joyi yo‘q”, dedi o‘zini bank yuristi, deb tanishtirgan kishi. Bankning huquqiy bo‘limida faoliyat yuritayotgan xodimning davlat rahbari farmonining mazmun-mohiyatini tushunmasligi ajablanarli emasmi? Ikkinchidan, biz pandemiya tufayli kreditimizni ma’lum muddatga to‘lay olmadik. Holbuki, karantindan avvalgi davrda jadval bo‘yicha oyma-oy kechiktirmay to‘lab kelganmiz.

Butun insoniyat boshiga kelgan mislsiz ofat ko‘pchilik qatori mamlakatimiz iqtisodiyotiga, qolaversa, davlat tashkilotlarining moddiy ahvoliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani hammaga ma’lum. Buning oqibatida biz kabi davlat tashkilotlarida ishlaydigan, faqat maoshiga kun ko‘radigan xodimlarning ustamalari keskin kamaytirildi.

O‘ylab ko‘ring, bitta oilada bir kishining 1 600 000 so‘m maoshi bilan ham tirikchilik qilib, ham kredit to‘lash mumkinmi? Pandemiya vaqtida, ya’ni olti oy mobaynida yig‘ilib qolgan 8-9 million qarzni qanday qilib shu maosh bilan biryo‘la to‘lash mumkin?

Bank xodimlarining ushbu talabi asoslimi?

Zarina RAHMONOVA.