Zarnews.uz’ga murojaat: Qorasuvda qurilishi kerak bo‘lgan favvora o‘rniga nega maysa ekib qo‘yilgan?

Keyingi yillarda Samarqand shahri Qorasuv maskanida ko‘p qavatli uylar qad rostlab, shinam shaharchaga aylandi. Ammo bu yerdagi barcha qurilish ishlari ham loyiha asosida bajarilmayapti.

Masalan, 101 va 102-raqamli ko‘p qavatli uylar oldida qurilishi kerak bo‘lgan favvora o‘rniga maysa ekib qo‘yilgan. Binolar allaqachon foydalanish uchun aholiga topshirilgan, biroq hanuzgacha loyihada ko‘rsatilgan favvoradan darak yo‘q. Xo‘sh, nima uchun?

Shuningdek, maskandagi 72 va 71-ko‘p qavatli uylar orqasida qurilgan favvoralar 2 kun ishlasa, 2 hafta ishlamaydi. Jazirama issiq kunlari odamlar kechki payt qayerda madaniy hordiq chiqarishni bilmaydi.

Ko‘p sonli aholi nomidan tegishli mutasaddi tashkilotlardan ushbu muammolarning yechimiga javob kutamiz.

Qorasuvda loyihadagi favvora quriladimi? Qurilgan favvoralar nega ishlamayapti?