Ziyolining talabi bilan “Baydakov” “Jo‘yisoy bekati”ga almashtirildi

Joriy yilning 4 mart kuni Zarnews.uz telegram kanalida “Baydakovni tanimaymiz” sarlavhasi bilan murojaat e’lon qilingan edi. 

Unda Samarqand tumani, Jo‘yisoy mahallasi ziyolilari nomidan mehnat faxriysi Ortiq Pardayev tomonidan mahalla aholisini Samarqand shahriga eltuvchi 32-yo‘nalishdagi avtobuslar peshlavhasida qishloq bekatini “Baydakov bekati” deb yozib olishgani, bekatning nomini Jo‘yisoyga almashtirish bo‘yicha talablariga e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilingan.

Murojaat yuzasidan viloyat transport boshqarmasida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda avtobuslar “trafaret”larida ko‘rsatilgan bekatlarning nomi hali-hanuz aholi uchun tushunarsiz nomlar bilan atalayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

- Zamon talablaridan kelib chiqib, avtobus “trafaret”larini elektron shaklga o‘tkazish, undagi joy nomlarini aniq faktlardan kelib chiqib yozish masalalari ustuvor vazifalardan biridir, - dedi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamroyev. - Bundan tashqari, turli o‘lchamdagi qog‘ozlarga savodsizlarcha, joy nomlarini o‘zbek tili qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan tartibda yozishga qarshi keskin choralar ko‘rish vaqti keldi. Chunki Davlat tiliga hurmatsizlik millatga hurmatsizlik sanaladi.

Samarqand tumanidagi Jo‘yisoy mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi O.Pardayevning murojaati mutasaddilar tomonidan joyida o‘rganildi. Murojaatda ko‘rsatilgan mahalla nomini noto‘g‘ri qo‘llash holati o‘z isbotini topdi. “SAMARQAND HAMKOR TRANS” MChJga qarashli 32-yo‘nalishda qatnovchi avtobuslarning “trafaret”lari “Do‘stlik mahallasi - Jo‘yisoy mahallasi” deb o‘zgartirildi.

Shuningdek, ushbu murojaat orqali barcha yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarning “trafaretlari”dagi joy nomlarini tanqidiy, tahliliy o‘rganish hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni joyida bartaraf qilish yuzasidan sohaga aloqador mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.