Zulfiyachi qiz qishloqdoshlariga kitobxonlikdan saboq beryapti
Kamola Musurmonova joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. U ushbu mukofot uchun tanlovga o‘n yil davomida hujjat topshirgan. Kamolani ilk bor “Kitobxon oila” tanlovida ko‘rgandim. O‘shanda ularning oilasi viloyatda birinchi o‘rinni egallab, bosh sovrin – avtomashina bilan taqdirlangandi.
To‘g‘risi, o‘sha tanlovda Musurmonovlar oilasidagi bu qizning iqtidoriga nafaqat tomoshabinlar, balki raqib ishtirokchilar ham tan berishgandi. Kamolaning zukkoligi, o‘qigan asarlarini shunchaki bayon emas, tahlil qilib berishi, har bir obrazga to‘xtalib o‘tishi, klassik shoirlarning hatto sanab ham bo‘lmaydigan darajadagi g‘azallarini yoddan aytishi har qanday kishining hayrati va havasini keltirgandi.
Shunday iqtidorli qizning mukofot ilinjida yillar davomida hujjat topshirganidan avvaliga biroz ajablandim. Ammo u bilan suhbatlashganim sayin, o‘n yildan beri mukofot uchun ariza topshirayotgan qiz o‘zi o‘qigan badiiy asarlari qahramonlari kabi o‘jar, maqsadli, og‘ir-bosiq, tanlagan sohasining haqiqiy shaydosi ekanligini angladim. Aslida uning maqsad sari intilishi kitob o‘qishidan ham avval paydo bo‘lgan, to‘g‘rirog‘i shakllantirilgan. Bu uning oilasidagi turmush tarziga borib taqaladi.
- Bolaligimizda otam bizga har hafta bitta ertak o‘qib berib, keyin bizdan mazmunini aytishimizni talab qilardi, - deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti magistranti Kamola Musurmonova. – Biz bu talabni majburlikdan emas, balki qiziqib, qani kim chiroyliroq aytib berarkin, deya “imtihon” kunini kutib bajarardik. Buning evaziga dadam bizni har uch oyda bir marta shahar aylantirishga olib borar va albatta, kitob do‘koniga kirib, kitob tanlashimizga imkon berardi. Ehtimol, shaharda yashayotgan bolalar uchun bunday sayohat zavqli bo‘lmagandir. Ammo Qo‘shrabot tumani markazidan ham avtomobilda naqd bir soatlik masofa uzoqlikdagi qishloqda yashaydigan biz, bolalar shahardan, kitob do‘konidagi xaridlarimizdan bir olam taassurot bilan qaytardik.
Otam veterinar, onam fizika fani o‘qituvchisi bo‘lsa-da, adabiyotga mehrlari bo‘lakcha. Otam dostonlarni xuddi baxshilarday kuylab berar, biz esa oila davrasida maroq bilan tinglardik. Adabiyotga shu tariqa mehrim tushgan. Keyin boshlang‘ich sinf ustozim “qizingiz she’r yozar ekan, uni rivojlantirish kerak”, deb aytgan tavsiyasidan so‘ng otam tuman markazidagi 82-umumta’lim maktabiga olib bordi. Bolalik tasavvurim bilan tuman markazidagi bu maktabda Qo‘shrabotning olis, Pangat qishlog‘idan kelgan qizaloq qanday o‘qiydi, eng kuchli, bilimli bolalar jamlangan bo‘lsa kerak, degan xayollarda o‘z qobig‘imga o‘ralib qoldim bir muddat. Sinfdoshlarim bilan kirishib ketishimga ham ana shu tasavvurlarim xalaqit qilardi.
Bir kuni maktabdagi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz darsdagi javobimni barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatgach, sinfdagi hayotim o‘zgardi, aniqrog‘i, o‘zimga nisbatan ishonch uyg‘ondi. To‘g‘risini aytsam, shu ustozimning ishonchi hanuzgacha menga dalda bo‘lib turadi. Maktabda ta’lim haqiqatan ham juda zo‘r yo‘lga qo‘yilgandi. Har oyda sinflararo u yoki bu fan doirasida bellashuvlar, she’rxonlik, g‘azalxonliklar, aniq bilimlar yuzasidan viktorinalar bo‘lib turardi. Tabiiyki, har bir sinf bu bellashuvlarda g‘olib chiqishga harakat qilar, jiddiy tayyorgarliklar ko‘rardi. Ko‘plab she’r, g‘azallarni yod bilishim shu bellashuvlar natijasi bo‘lsa kerak.
Kamola bilan kitoblar, unga mehr qo‘yish haqida soatlab suhbat qurish mumkin. Oilasidagi kitobxonlik muhiti, ilmiy faoliyati yo‘lidagi izlanishlari haqida kamgap qiz jo‘shib gapiradi. Ammo yutuqlari haqidagi faktlarni undan olish juda qiyin. Bilganimiz – o‘zbek filologiyasi fakulteti magistrantining Fransiya, Polsha, Germaniya, Serbiya davlatlarida ilmiy maqolalari chop etilgan, Turkiyada o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etib, “Maktab darsliklarida Vatan konsepti va ta’limi hamda tahlili» mavzusida chiqish qilgan. Ingliz tilini mukammal biladi.
Ayni karantin kunlarida ham Kamola bekor o‘tirgani yo‘q. Uning muvaffaqiyatlari qo‘shrabotlik yoshlarning kitobga qiziqishini o‘n karra oshirib, undan maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar ko‘paygan. Uyidagi yuzlab kitoblardan tashqari 1,5 mingta adabiyotni jamlagan elektron kutubxonasidan qo‘shrabotlik yoshlar unumli foydalanishmoqda. Ularga onlayn tarzda kitoblarni ulashish bilan bir qatorda ularni o‘qish bo‘yicha ham tavsiyalar bermoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.