Tojikistonda Hayit kuni bayram dasturxonini tekshirish uchun reyd o‘tkaziladi

Ertaga, 5 iyun kuni nishonlanadigan Hayit bayramida Tojikiston Din ishlari qo‘mitasi xodimlari mamlakat bo‘ylab bayram dasturxoni qanday tuzalayotganini tekshirish uchun reydlar o‘tkazadi.

Ular turli xonadonlarga qo‘qqisdan kiradilar va dasturxon qanday tuzalganini tekshiradilar. Agar xonadon egalari tomonidan tuzalgan dasturxon belgilangan normalardan oshiq bo‘lsa "isrofga yo‘l qo‘yilgan" deb, o‘sha xonadon egalariga 5000 somoni jarima solinadi.

Belgilangan normaga ko‘ra dasturxonda mevalar, milliy shirinlik va pishiriqlar, quruq meva va ovqat bo‘lishiga ruxsat bor, ammo ularning miqdori oshib ketmasligi va isrof bo‘ladigan darajada bo‘lmasligi lozim.

Ushbu normalar 2017 yilda qabul qilingan "Turli ma’rakalar va an’analarni o‘tkazish haqidagi qonun"ga muvofiq tuzilgan. O‘shandan beri har yili joylarda nafaqat Hayit bayramlarida, balki boshqa bayramlarda ham, shuningdek turli ma’rakalarga ham Din ishlari qo‘mitasi xodimlari reydlarga chiqishadi va aholining bayramlar va turli ma’rakalarda yuqoridagi qonunga qanchalik amal qilayotganlarini tekshiradi. Qoidadan chetga chiqqanlarga 5 ming somoni miqdorda jarima solinadi.

Yuqoridagi qonunga ko‘ra, bugun Tojikistonda nikoh bazmiga 150 odam aytiladi. Nahor oshga 200 ta odam. Nikoh marosimiga borish uchun 4 ta mashinaga ruxsat bor. Shu qoidalardan chetga chiqqanlar jarimaga tortiladi.