Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

@zarafshonbot‘ga murojaat: Qorasuvdagi yangi “dom”larda eski muammolar - liftni kim tuzatadi, shirkat, mahalla qachon tuziladi?

Samarqand shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, 16 qavatli uylar qurila boshlaganda lift ishlamay qolsa, nima qilamiz, deya odamlar sotib olishga hadiksiragandi. “Agromir buldings” MChJ quruvchi tashkiloti “Xavotir olmanglar, elektr toki bo‘lmasa ham liftlarga generator qo‘yiladi 3 kungacha ishlaydi”, degandi. Soddaligimiz qursin, bu gapga ishondik va yangi qurilayotgan uylardan sotib oldik. Biroq liftlarga generator qo‘yilgan emas, elektr toki o‘chsa, liftlar ishlamaydi.

Kunlar soviy boshlagach, elektr ta’minotida muammolar ro‘y berib, “svet” tez-tez o‘cha boshladi. Tabiiyki, lift ichidagi odamlar to elektr toki kelguniga qadar liftda qolib ketyapti. Ayniqsa, ota-onalar, bolalarning soatlab liftda qolib ketganidan arz qilmoqda.

Muammo shundaki, Samarqand shahar hokimligi shirkat uchun hali joy ajratmagan. Aholining yangi uylarga ko‘chib kelganiga yaqinda 1 yil to‘ladi. Hamon 12, 14, 16 qavatli uylarda shirkat yo‘q. Shu sababli lift sozlovchilar ham ishga olinmagan. Masalan, 72-uyning kichik lifti 3 haftadan buyon ishlamaydi, katta lifti esa kechadan beri to‘xtagan. Boshqa ko‘p qavatli uylarda ham kechadan buyon liftlar ishlamayapti. Xo‘sh, lift masalasida odamlar kimga murojaat qilishi kerak?

12-16 qavatli uylarda shuncha muammo bo‘ladigan bo‘lsa, kelasi yil barpo etiladigan 30 qavatli uylarda yashashni o‘zingiz tasavvur qilavering.

“Agromir buldings” MChJ liftlar uchun nega generator qo‘ymaganiga izoh beradimi? Samarqand shahar hokimligi qachon Qorasuv aholisiga shirkat, mahalla tashkil qiladi?

Dardimizni kimga aytishni ham bilmaymiz...