Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buzilgan bino YuNESKO himoyasidami?

11 sentyabr kuni Samarqand shahar Amir Temur ko‘chasida joylashgan, V.Elonaga tegishli 14-uy sud qaroriga ko‘ra buzildi.

Biz ham bu jarayonni kuzatdik va tomonlarning fikrlarini eshitdik. 

- Samarqand shahar hokimligining da’vosi asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudining 2020 yil 3 iyun kuni o‘tkazilgan ochiq sud majlisi qarorida Volova Elonaga 640 million 815 ming so‘m tovon puli to‘lash va binoni majburiy buzdirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan, - deydi Samarqand shahar hokimligi bosh yuristkonsulti Boboxon Toirov. – Hal qiluv qaroridan norozi tomonlar 20 kun muddatda shu sud orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudiga appelyasiya tarzida shikoyat yoki protest kiritishi mumkinligi qayd etilgandi. Sud qaroriga asosan bugun ijro harakatlari olib borilmoqda.

Xo‘sh, unda mulkdor vakilining nimadan ko‘ngli to‘lmayapti?

- Ushbu bino madaniy meros ob’yekti hisoblanadi va uni buzish qonunga ziddir, - deydi o‘zini V.Elonaning ishonchli vakili, deb tanishtirgan Maqsud Abdujabborov. – Madaniy meros boshqarmasining xulosasi olinmagan holda buzish ishlari boshlanmoqda. Bino egasi V.Elona hozirda Isroil davlatida va karantin tufayli O‘zbekistonga kelolmayapti. Egasi ishtirok etmasdan mulkka nisbatan qaror chiqarish qonunga zid hisoblanadi. Qolaversa, biz hech qanday tovon pulini olganimiz ham, ko‘rganimiz ham yo‘q.

Bino haqiqatdan ham madaniy meros ob’yekti sifatida YuNESKO ro‘yxatiga olingan bo‘lsa, qaysi asosga ko‘ra buzilmoqda?

- Ushbu noturarjoy binosi viloyat hokimining 2000 yil 14 martdagi qarori bilan madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatida qayd etilgan, - deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichev. – Ammo ob’yekt madaniyat va sport ishlari vazirligi madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining 2010 yil 19 yanvardagi buyrug‘iga (tarixiy-madaniy meros ob’yektlar ekspert komissiyasining xulosasiga) asosan madaniy meros ob’yektlar ro‘yxatidan chiqarilgan. 2001 yilda Samarqand shahri tarixiy shahar sifatida YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu bino madaniy meros ob’yekti hisoblanmaydi, faqat bino tarixiy shahar hududida joylashgan. Bu borada tegishli qarorlar qabul qilingan va shaharning tarixiy hududida bajariladigan qurilish-ta’mirlash ishlari tegishli tashkilotlar va YuNESKO markazi bilan kelishgan holda olib boriladi.

Mas’ulning gapidan anglashiladiki, bino allaqachon madaniy meros ob’yektidan chiqarilgan va ammo bino buzilishdan oldin sud qarorida keltirilgan to‘lov mablag‘ to‘lanishi kerak. Vakil esa mablag‘ni olmaganini iddao qilmoqda.

- Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 3 iyundagi ochiq sud majlisida Volova Elonaga tegishli ushbu bino hozirgi bozor narxida 640 million 815 ming so‘m miqdorida baholangani, mablag‘ni Samarqand shahar hokimligi hisobidan undirish belgilangan, - deydi Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farruh Ibragimov. – Sud qaroriga asosan “Milliy bank”da Volova Elona nomiga hisob raqam ochilib, mablag‘ shu hisobga o‘tkazilgan. Volova Elona yoki uning ishonchli vakillari mablag‘ni olishi yokm uning talabiga ko‘ra, Isroil davlatiga konvertatsiya orqali ko‘chirib berilishi mumkin. Endi qaror ijrosini davom ettirish maqsadida shahar hokimligi bilan birgalikda binoni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgacha appelyasiya instansiyasida ish ko‘rilayotgan bo‘lsa, sudning ijro harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida ajrim bo‘lmagunga qadar ijro harakatlarini to‘xtatishga hech qanday asos yo‘q. Appelyasiya uchun mulk vakiliga pochta orqali muddat berilib, ishonchnoma orqali xabarnoma ham yuborilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV foto.