Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

18 may – Xalqaro muzeylar kuni

Har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy hol. Bu borada esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Chunki ular o‘tmishdan kelgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi bo‘lib, amaldagi tartiblarga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.

1977 yildan buyon  dunyoda an’anaviy tarzda 18 may Xalqaro muzeylar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Yurtimiz tarixi, xalqimizning boy ma’naviy merosi haqida tushunchaga ega bo‘lish, undan bugungi avlodni xabardor etishda muzeylarning o‘rni katta.

Shu bois mamlakatimizda mazkur muassasalar faoliyatini takomillashtirish, ularning zamon talablari darajasida ish olib borishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Prezidentimizning 1998 yil 12 yanvardagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Samarqand viloyati muzeylarida yurtimizning bir necha ming yillik tarixi va madaniyati, ajdodlarimizning boy ilmiy merosiga oid 211 mingdan ortiq ashyolar, tarixiy ma’lumotlar saqlanmoqda. Camarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy, badiiy muzey-qo‘riqxonasi ushbu muassasalar hamda viloyatdagi oltita tarixiy obida va ikkita ziyoratgohni birlashtirgan holda faoliyat ko‘rsatayotir.