Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1983 yil: “SamDU yoshiga yana 500 yil qo‘shishingizga to‘g‘ri keladi”

Yaqinda «Xalq so‘zi» gazetasi muxbirining Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov bilan «Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon» mavzusidagi suhbatini o‘qib 1983 yillarda bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushdi.

O‘sha yilning 1-3 oktyabr kunlari edi. Samarqand davlat universitetida «Matematik fizikaning nokorrekt masalalari» bo‘yicha Butunittifoq konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda odatga ko‘ra, sobiq ittifoqchi Respublikalarining yirik olimlari qatnashdi. Jumladan, SSSR FA akademiklari A.N.Tixonov, M.M.Lavrentevlar ham bor edi. Ozarbayjon Respublikasidan ilmiy rahbarim, professor M.Yaqubov (Boku universitetida aspiranturani o‘taganman) va turli universitet vakillari tashrif buyurishgan.

Tanaffusda M.Yaqubov meni akademiklar - A.Tixonov, M.Lavrentev va A.Otaxo‘jayevlarning suhbatiga qo‘shilishim uchun chaqirdi. Suhbat davomida Tixonov Otaxo‘jayev tomonga qarab, “Samarqand davlat universiteti necha yoshda”, deb so‘rab qoldi. Shunda Otaxo‘jayev “1977 yilda universitetning 50 yilligini keng nishonladik”, deyishi bilan Tixonov: «Hurmatli Akbar Qosimovich, bu sanaga yana kamida 500 yil qo‘shishlaringizga to‘g‘ri keladi. Bu universitetning tashkil etilganini Ulug‘bek madrasasi bilan bog‘lash kerak. Bu faktni butun Yevropa olimlari tan olgan. Ulug‘bek madrasasini ular akademiya, deb hisoblashgan. Unda diniy fanlardan tashqari, tabiiy fanlar, matematika, fizika, geografiya va boshqa fanlar ham o‘qitilgan. Buni siz qo‘rqmasdan, baland ovoz bilan matbuotda ko‘tarishlaringiz kerak. Samarqand universiteti Sovet ittifoqidagi eng ko‘hna universitetlardan biridir. Bu masalada biz ham sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», deb aytganiga shohid bo‘ldim. Davrada qatnashgan sobiq ittifoqning yirik matematiklaridan biri sanalgan akademik M.M.Lavrentev ham Tixonovning so‘zlarini ma’qulladi.

Qudrat AYMATOV,

SamDU dotsenti, mehnat faxriysi.