Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2020 yil viloyatda ikkita zargarlik markazi tashkil etiladi

Viloyatimizda tilla buyumlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ta’mirlaydigan 81 nafar usta, tilla buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 58 sub’yekt bor. Ushbu sohadagi ishchilar soni 178 nafarni tashkil etmoqda. Keltirilgan raqamlarda faqat qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hisobga olindi, aslida bu sohada mehnat qilayotganlar bundanda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 18 mayda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan sifatli zargarlik buyumlari yasashni kengaytirish, tarmoqqa chet el investitsiyasini faol jalb etish bo‘yicha tartiblar belgilandi. Yana raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ushbu tarmoqni jadal rivojlantirish uchun 2019 yil 1 iyuldan boshlab bir qator yangiliklar joriy etildi.

Endi maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan mahalliy ustalar o‘zi yasagan zargarlik mahsuloti yoki qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning asillik darajasi belgisi izlarini o‘zi qo‘yadi. Jismoniy shaxslar 5 ming AQSh dollaridan ortiq zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda boshqa davlatga olib chiqishi mumkin. Tadbirkorlar zargarlik buyumlari yasash uchun oltin izlovchilik faoliyati doirasida qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga ega bo‘ldi. Zargarlik borasida maxsus litsenziyaga ega tadbirkorlar "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasida ixtiyoriy asosda yagona tashkilotga birlashib, ishtirok etgan taqdirda ularga nisbatan qonuniy huquq va majburiyatlar, uyushma a’zolarining imtiyoz va preferensiyalari tatbiq etiladi.

Farmon asosida har bir viloyatda 2020 yil yakunigacha kamida ikkitadan tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi.

Vahob Po‘latov,

viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.