Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

31 nafar “tadbirkor” salkam 394 million so‘mlik tabiiy gazni noqonuniy “yoqib yubordi”

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan yakka tartibdagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan gaz o‘g‘irliklarini aniqlash bo‘yicha doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlarning biri Past Darg‘om tumanida bo‘ldi.

Unda tumanning Namozgoh mahallasida yashovchi fuqaro N.N. o‘zboshimchalik bilan hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib olgani aniqlandi. U 7,5 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, bodring va poliz ekinlari yetishtirayotgan, bu yerda 3 ta qo‘lbola isitish pechi va 2 ta qo‘lbola isitish qozonining har birida 2 tadan gaz yondirgich (gorelka) dan foydalanib kelgan.

Oqibatda iste’molchining gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati qayta hisob-kitob qilindi va gaz tarmog‘idan uzildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu issiqxonada noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 57002, 4 metr kubni tashkil etib, gaz ta’minoti tashkilotlariga yetkazilgan zarar miqdori 57 002 400 so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, “Narpaytumangaz” tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, ohak ishlab chiqarayotgan “tadbirkor” aniqlandi. Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, Oqtosh shahri, Muqimiy nomli mahallada yashovchi fuqaro U.N. 2020 yilning 22 dekabr kunidan gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, ohak pishirish uchun 12 dona qo‘lbola yondirgichdan foydalanib kelgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 13 sutkadagi noqonuniy faoliyati natijasida gaz ta’minoti korxonalariga 31 973 760 so‘m zarar yetkazgan.

Umuman, 2021 yilning o‘tgan bir oyi davomida turli xildagi mahsulot ishlab chiqaruvchi “tadbirkor”lar tomonidan shartnoma shartlariga amal qilmay, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo‘yicha jami 31 ta holat aniqlanib, tarmoqdan uzildi. Barcha to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. Noqonuniy ulanish natijasida gaz ta’minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 393 million 869,9 ming so‘mni tashkil etdi.

 “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.