Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Afv etilganlarning 12 nafari samarqandlik

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayiti arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida e’lon qilingan farmon bilan viloyatimizda jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 12 nafar fuqaro afv etildi.

Mazkur shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 5 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 4 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Afv etilganlarning 3 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar tashkil etadi.

Sobiq mahkumlar asosan Konstitutsion tuzumga qarshi jinoyatlarda aylanib, panjara ortiga tushgan. Ular diniy bilimsizligi oqibatida tushunib-tushunmay turli mutassib oqimlarga qo‘shilib qolgan. Chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan bu kishilarning saxovat va muruvvat ayyomi oldidan oilasi bag‘riga qaytishiga imkon berildi.

Ayni paytda farmon ijrosi ta’minlanib, afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi. Endilikda ularni ijtimoiy muhitga moslashtirish, jumladan, bandligini ta’minlash maqsadida har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Zokir ABDURAHMONOV,

viloyat IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i.