Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bayramga xotin-qizlar uchun noan’anaviy tuhfa

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi  tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj 600 nafar xotin-qizlar uchun mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi oldidan Samarqand shahridagi tarixiy maskanlarga sayohat uyushtirildi, viloyat musiqali  drama teatrida spektakl namoyish etildi.

- Teatrga birinchi marta tushishimiz, mazza qilib tomosha qildik, - ishtirokchilarning bir nechasi bilan suhbatlasharkanmiz, shu fikrni bildirishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, keyingi yillarda xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oilalarning ahvolini o‘rganish, ulardagi ijtimoiy muhit hamda uning sabablari tahlil etilmoqda hamda ushbu xonadonlarga yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Viloyat musiqali drama teatrida «Ayollarni asrang, erkaklar!» nomli spektakl namoyishiga ham biror bir yig‘inlarga jalb etilmagan xotin-qizlar taklif etildi.

- Ro‘zg‘or tashvishlari, farzandlarni ulg‘aytirish bilan bo‘lib, biror marta teatrga kelish xayolimizga ham kelmagan ekan, - deydi Past Darg‘om tumanidan kelgan Yu.Shodmonova. – Madaniy hordiq oldik, bayramga ajoyib tuhfa bo‘ldi.

Tomosha so‘ngida xotin-qizlar ushbu spektaklni erkaklar ham tomosha qilishi shart, degan xulosaga kelishdi.

Muhayyo MELIYeVA, O‘zMU talabasi.