Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bog‘cha mudirasini qo‘rqitib, firibgarlik yo‘li bilan pul undirmoqchi bo‘lganlarga jinoyat ishi ochildi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyati fosh etildi.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bog‘cha mudirasi T.E. “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muharriri Sh.Q. bilan til biriktirib, tumandagi boshqa bir maktabgacha ta’lim tashkilotida moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmaslik va jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligini hal qilib berish evaziga MTT mudirasi D.B.dan 3 000 AQSh dollari talab qilib olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, tezkor tadbir jarayonida mazkur shaxslarning muqaddam sodir etgan yana bir jinoyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muharriri Sh.Q. 2019 yil 22 avgustda viloyatdagi MTTga kelib, aslida tuman gazetasi muharriri bo‘lsa-da, o‘zini go‘yoki, “Kun.uz” internet sayti muxbiri deb tanishtirgan. Aldov va ishonchiga kirish yo‘li bilan muassasada tekshirish o‘tkazish va kamchiliklarni aniqlab, internetda chop etish, D.B.ni ishdan bo‘shatish hamda jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan qo‘rqitgan va bu ishni amalga oshirmasligi uchun jinoiy sherigi, bog‘cha mudirasi T.E.ning telefon raqamini berib, unga uchrashishini aytgan.

O‘z navbatida, T.E. mudira D.B.ga “Kun.uz” saytining “muxbirlari” bilan bog‘liq ishi hal bo‘lishi uchun 3 000 AQSh dollari berishi lozimligini aytib, undan 2900 AQSh dollari va tilla taqinchog‘ini olgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari xabariga ko‘ra, hozirda ushbu holatlar yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani bog‘cha mudirasi T.E. va “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muharriri Sh.Q.larga nisbatan JKning 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.