Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 4895 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Sardor Davronov biz bilan suhbatda yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan ma’lumot berdi.

- Tahlillarga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida eng ko‘p qonun buzilish holatlari kadastr idoralari, sog‘liqni saqlash, muhandislik-kommunikatsiya tashkilotlari (elektr, suv, gaz ta’minoti tashkilotlari) tomonidan yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali yuborilgan maxsus xabarlar va 15 ta idoralarda masofadan turib o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra, vakolatli idoralar tomonidan 4895 ta qonun buzilishi holatlari, shundan 4065 ta holatdan davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan. 189 ta holatda murojaatlar asossiz rad qilingan, 182 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 67 ta holatda ortiqcha hujjatlar talab qilib olingan va 392 ta holatda shu kabi boshqa qonun buzilishlari sodir etilganligi aniqlangan.

- Aniqlangan qonun buzilish holatlarining sohalar kesimida tahlil qilinganda asosiy qonun buzilishlari qaysi davlat idoralari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda?

– Qonun buzilishi holatlari tahlil qilinganida:

- Samarqand viloyati Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan 1085 ta;

- sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 803 ta;

- tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan 672 ta,

- suv ta’minoti korxonalari tomonidan 517 ta;

- gaz ta’minoti korxonalari tomonidan 401 ta,

- qurilish bosh boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 328 ta;

- “O‘zstandart” agentligining viloyat bo‘linmasi tomonidan 204 ta;

- tuman (shahar) Davlat soliq inspeksiyalari tomonidan 192 ta;

- tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 121 ta;

- Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari 87 ta;

- elektr ta’minoti korxonalari tomonidan 74 ta;

- mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan 56 ta;

- Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 45 ta;

- Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 44 ta;

- iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari tomonidan 42 ta;

- “O‘ztelekom” AK tizimidagi tashkilotlar tomonidan 31 ta;

- tijorat banklari tomonidan 27 ta;

- Ichki ishlar bo‘limlari tomonidan 20 ta va boshqa tashkilotlar tomonidan 146 ta holatda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

- Mazkur qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish, kelgusida takrorlanishining oldini olish borasida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda?

- Boshqarma tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha vakolatli organlarga 61 ta ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma, 378 ta ogohnoma kiritildi. Shuningdek, 395 nafar aybdor rahbar va xodimlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organlarning 395 nafar aybdor rahbar va xodimlari ma’muriy javobgarlikka tortilishi, 59 nafar xodimlari intizomiy javobgarlikka tortilishi (shundan 6 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi) ta’minlandi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan bu boradagi ishlar muntazam ravishda olib borilishi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan har bir qonun buzilishiga sabab bo‘lgan holatlar batafsil o‘rganilishi va aybdor shaxslarga nisbatan keskin huquqiy ta’sir choralari ko‘rib borilishini ma’lum qilamiz. Shuningdek, har bir idora rahbarlari va ularning mas’ul mutaxassislarini o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga undaymiz.

Davron JAMOLOV suhbatlashdi.