Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dollar to‘la seyfni o‘margan jinoyatchilarning 4 nafari qo‘lga olindi

Toshkent shahrining Shayhontohur tumanidagi 4 qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan xonadondan ichida yirik miqdorda valyuta bo‘lgan seyfni bosqinchilik yo‘li bilan o‘margan jinoyatchilarning to‘rt nafari qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent IIBB xabar berdi.

"Bosqinchilik" (164-modda 4-band) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va unga ko‘ra, jinoyatchilar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin edi.

Toshkent shahar IIBB insonparvarlik nuqtai nazaridan jinoyatchilarga murojaat qilgan va agar ular ichki ishlar bo‘limiga kelib taslim bo‘lsalar, ularga beriladigan jazo yengillashtirilishini ma’lum qilgan edi. Afsuski, jinoyatga aloqador shaxslar jabrlanuvchilarga o‘g‘irlangan buyumlarni qaytarib berish, qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyorlari bilan kelish imkoniyatini qo‘ldan boy berishdi.

IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar shaxsi aniqlashtirilgan. Ularning barchasi muqaddam sudlangan shaxslar ekanligi aytilmoqda.

Jinoyatchilarning yonidan ashyoviy dalil sifatida pullarning bir qismi, niqoblar va qo‘lqoplar topilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat sodir etilgach, bosqinchilardan biri internetda IIBBning o‘z xohishi bilan taslim bo‘lish e’lonini ko‘rgan va ular o‘rtasida kelishmovchilik ro‘y bergan.

Shundan so‘ng jinoiy guruhning ikki nafari qochib ketgan.

Toshkent IIBBda ular Qozog‘iston chegarasidan qachon va qayerda kesib o‘tganligi haqida ma’lumot bor. Ular borasida tezkor-qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.