Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov bilan ishlash osonmi?

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayev shu va boshqa savollarimizga javob berdi.

– Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi sifatida ikki yildan buyon ishlayotgan bo‘lsam-da, o‘tgan yil hokimliklarda axborot xizmatlari faoliyati rasman yo‘lga qo‘yilgach, bu vazifani bajarib kelyapman, – deydi M.Mirzayev. – Yaxshi bilasiz, viloyatimiz hokimi ommaviy axborot vositalariga ancha yaqin, jurnalist va blogerlar bilan ham tez-tez uchrashib yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlashib turadi. Respublikamizdagi va xorijiy internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarni doim kuzatib boradi. Demoqchimanki, axborot xizmati qanday ishlashi kerakligini yaxshi biladi va shu bois talabi juda kuchli. Ba’zida Samarqand viloyati bilan bog‘liq, bizning e’tiborimizdan chetdan qolgan xabar yoki maqolalarni ham ko‘rib, bizdan fikr, munosabat so‘raydi. Shuning uchun bir lahza bo‘lsin, axborot xizmatiga mas’ul ekanligimni unutmayman.

Bundan tashqari, har kuni joylarda o‘tkaziladigan uchrashuvlar, aholi bilan muloqotlar va boshqa turli tadbirlar haqida shu kunning o‘zida axborot berishimizni talab qiladi. Bu ishni albatta, bir o‘zim bajarishim murakkab, katta bir ijodiy guruh ishlaymiz. Bir yil davomida axborot xizmati ijodiy guruhini shakllantirishga harakat qildik. Buni Erkinjon Oqbo‘tayevichning o‘zi qo‘llab-quvvatladi. Zarur texnika va vositalar xarid qildik. Xullas, ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan, bu borada muammo yo‘q. Shuningdek, viloyat televideniyesi, gazetalar tahririyatlari, samarqandlik jurnalist va blogerlar, internet saytlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz.

Agar zimmangizga yuklatilgan vazifani astoydil bajarsangiz, hech bo‘lmaganda shunga intilsangiz, E.Turdimov bilash ishlash qiyin emas.

– Samarqandda jurnalist va blogerlar respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan ancha faol. Keyingi paytda axborot xizmatlari ham ancha jonlandi. Bunday sharoitda viloyat hokimligi axborot xizmatiga rahbarlik qilishning o‘ziga yarasha murakkabliklari bo‘lsa kerak...

– To‘g‘ri aytasiz. Bugun viloyatimizdagi 65 tashkilotda, 16 tuman va shahar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘nlab telegram kanallar, internet saytlar bor. Blogerlar ham shunga yarasha, juda ko‘p. Bunday vaziyatda birinchi manbaa sifatida viloyat hokimligi, viloyat hokimi faoliyati bilan bog‘liq axborotlarni tezkor, aniq, kezi kelganda, qisqa, ba’zan batafsil berish mas’uliyati kuchli. Hozircha, bir-birimizni tushunib, to‘lidirib ishlayapmiz. Bugungi sharoit shunday – har kim axborotni, yangilikni birinchi bersam, birinchi manbaa bo‘lsam, deydi. Axborot xizmatlari bilan ana shunday ijodiy raqobat asosida ishlayapmiz.

– Bugun davlat hokimiyati organlarining, rahbarlarning barchasi ham matbuot uchun ochiq ishlashni qabul qilishi qiyin kechayotgani sir emas. Sizda ham viloyat hokimi o‘rinbosarlari yoki viloyatdagi boshqarma va idoralardan ma’lumot olib, tarqatish bilan bog‘liq muammolar bordir...

– Faoliyatimizning dastlabki paytlarida bunday holatlar uchrab turardi. Lekin hozir hammasi izga tushgan. Bu masalada ham ko‘p narsa viloyatning birinchi rahbariga bog‘liq, deb o‘ylayman. Viloyatimiz hokimi ish faoliyatida matbuot uchun ochiq, hokimlik faoliyati bilan bog‘liq har bir yangilik va o‘zgarishni ommaga oshkor etishni talab qiladi. O‘rinbosarlar va boshqa tashkilotlar ham ana shu mezon asosida ishlashga harakat qilyapti.

Yaxshi bilasiz, viloyatimiz hokimi ikki yil oldin Samarqandda ish boshlaganida o‘zi va o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, boshqarma va idoralar rahbarlarining viloyat televdeniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda aholi bilan muloqot qilishi, faoliyati yuzasidan axborot berish tizimini yo‘lga qo‘ygan edi. Har haftaning belgilangan kunida bu ko‘rsatuv davom etyapti. Bugun viloyatimizda hokimlar va boshqa sektorlar rahbarlari, boshqarma va idoralar mas’ullari OAV bilan ishlashni puxta o‘zlashtirgan, intervyu berishni, munosabat bildirishni yaxshi bilishadi.

– Faoliyatingiz davomida axborot xuruji, yolg‘on informatsiya tarqalishi kuzatildimi? Qanday yo‘l tutdingiz?

– Bugun bunday holat har bir axborot xizmati bilan sodir bo‘lmoqda, desam xato bo‘lmaydi. Chunki bugun ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ko‘paydi, blogerlar soni ham kun sayin ortmoqda. Lekin ularning orasida noto‘g‘ri axborot tarqatayotganlar, yolg‘on shov-shuv bilan obro‘ orttirmoqchi bo‘lganlar ham afsuski, uchrab turibdi. Ularning bu xatti-harakatlariga nisbatan haqiqiy vaziyatni bayon etish orqali javob beryapmiz.

Bundan tashqari, ayrim muammoli, munozarali masalalarni muhokama qilish uchun jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. O‘zaro hamkorlik esa yaxshi natija beryapti.

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.