Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eski simyog‘ochlar qachon yangilanadi?

Tahririyatimizga Jomboy tumani Qangli mahallasida yashovchi Ilhom Xo‘jaqulovdan shikoyat xati keldi. Unda shunday yoziladi:

"Qishlog‘imizga 1961 yilda elektr tarmog‘i tortilgan edi, 1972 yilda qisman rekonstruksiya qilinib, simyog‘ochlar o‘rnatildi. Ammo bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar oxiriga yetkazilmadi. Shunga ham 47 yil bo‘ldi. Bu vaqt ichida simyog‘ochlar xizmat muddatini o‘tab, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Shu bois, ayrim simyog‘ochlar ostidan o‘tishga qo‘rqamiz. Hozir mahallamizda 9 ming aholi yashaydi. Yillar davomida qishloq aholisi ko‘payib, yangi qurilgan uylarga har kim imkoniyatidan kelib chiqib qo‘lbola simyog‘ochlar orqali elektr tarmog‘ini tortyapti. Buning natijasida transformatorlar ortiqcha zo‘riqib, sim o‘ramlari kuchlanishga dosh berolmayapti. Aholi esa qorong‘uda o‘tirmaylik, deb transformatorni ta’mirlashga pul yig‘adi. Aslida transformatorni ta’mirlash bepul bo‘lishi kerak emasmi? Yana ayrim joylarda tok o‘tkazish uchun alyumin sim o‘rniga po‘lat simlar tortilgan. Bu kamchiliklar qachon bartaraf etiladi?".

Shikoyat muallifi I.Xo‘jaqulov va tuman elektr tarmoqlari korxonasi mas’ullari bilan mahallani aylanarkanmiz yuqoridagi gaplar to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘ldik. Simyog‘ochlarning ayrimlaridagi elektr simlar osilib qolgan, ayrimlarida qisqa tutashuv izlari qolgan. Havo liniyalari ayrim joylarda mahallaning ichki yo‘llari yoqasida zich ekilgan daraxt­lar orasida qolib ketgan.

- Tumandagi simyog‘ochlarning aksariyati xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, buni inkor etib bo‘lmaydi, - deydi "Jomboy tuman elektr tarmoqlari" korxonasi boshlig‘i Tohir Sattorov. - Bizga ajratilgan limitga asosan yiliga 30 kilometrgacha havo tarmog‘ini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, transformatorlarni 3-5 yilda joriy va mukammal ta’mirlash imkonimiz bor. Shundan kelib chiqib 2018 yilda 1,4 kilometr kabel, 16,5 kilometr havo liniyalari o‘tkazildi, 7 ta transformator qo‘yildi. 2019 yilgi dasturga ko‘ra, 3 ta transformator yangilanib, 4 tasi ta’mirlanadi, qariyb 10 kilometrga yangi simlar tortiladi, 29 kilometrdagi simlar almashtiriladi. 2023 yilgacha barcha havo liniyalari va transformatorlarni yangisiga almashtirish rejalashtirilgan. Qang­li mahallasidagi xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirishni 2020 yilgi dasturga kiritishni rejalashtirganmiz. Mahalla hududidan o‘tgan 2 kilometrga yaqin po‘lat simlar esa tez orada alyumin simlariga almashtiriladi.

Bu yaxshi. Ammo yangi uy qurib, o‘zlarining kuchi bilan sim tortgan fuqarolarning simyog‘ochlari o‘z holicha qoladimi yoki yangi havo liniyasi tortiladimi?

- Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan yakka tartibda uy-joy qurgan fuqarolar uchun yangi havo liniyalari tortishni moliyalashtirish mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak, - deydi T.Sattorov. - Ammo faqat bizda emas, boshqa tumanlarda ham bunday xarajatlar uchun mablag‘ ajratilmayapti. Shuning uchun aholi o‘z kuchi bilan nostandart yog‘ochlardan simyog‘och yasab, o‘zlariga elektr liniyalari tortmoqda. Bu mavjud transformatorlarning ortiqcha zo‘riqish bilan ishlashi va tezda ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Endi yuqorida aytib o‘tganimdek, avval o‘rnatilgan va ro‘yxatga olingan simyog‘ochlar byudjet hisobidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan simyog‘ochlar fuqarolarning o‘z mablag‘i hisobidan yangisiga almashtiriladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV,

 "Zarafshon" muxbiri.