Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farg‘onada yana janjal: 6 nafar shaxs qamoqqa olindi

Joriy yilning 10 mart kuni soat taxminan 14:30 da 24 yoshli fuqaro I.O. bir guruh tanishlari bilan birga Farg‘ona shahar S.Ahmad ko‘chasida fuqaro T.U. bilan o‘rtalaridagi o‘zaro kelishmovchilik sabab gap talashib janjallashgan.

Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, janjal shunchaki mushtlashuv bilan yakun topmagan, deb yozmoqda O‘zA.

T.U. va I.O. o‘zlari bilan olib kelgan pichoqlarni ham ishga solib, bir-birini tanalarining turli sohalariga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgan.

I.O.ning jinoiy sheriklari ham janjalda faol ishtirok etib, qo‘llaridagi tosh va temir jismlar bilan fuqaro T.U.ning bosh va tanasining turli qismlariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyidan voqeaga aloqador tosh bo‘laklari, oshxona pichog‘i va qon namunalari hamda shu atrofdagi savdo do‘koniga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamasiga qayd qilingan tasvirlar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan I.O va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni sodir etgan shaxslarning 6 nafariga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Farg‘ona viloyatida tan jarohatlari yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, fuqarolar o‘rtasida turli nizoli kelishmovchiliklar zamiridagi janjallar natijasida yuzaga keladigan o‘tkir tig‘li jismlar yordamida tan jarohati yetkazish jinoyatlarini mukammal darajada kamaytirish maqsadida o‘tkazilgan “Tig‘” tadbirlari davomida 500 dan ortiq o‘tkir tig‘li jismlar olindi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan 19 nafar huquqbuzar "Damas"chilar ma’muriy qamoqqa olingan edi.