Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gavhar Alimova: Xotin-qizlarning o‘z huquqini bilmay, noxush vaziyatlarga duch kelayotgani juda og‘riqli

Samarqand viloyati Matbuot uyida kecha o‘tkazilgan anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyat hamda barcha tuman va shaharlarda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyat markazi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan holda, shahar va tuman markazlari esa jamoatchilik asosida ish olib bormoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda tashkil etilgan markazlarga 668 fuqarodan murojaat tushgan, – deydi G.Alimova. – Ularning 139 nafariga tibbiy, 153 tasiga psixologik, 113 tasiga huquqiy yordam ko‘rsatilgan. 66 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan, 46 nafar xotin-qizlarga kredit olishlariga amaliy yordam ko‘rsatilgan va 100 dan ortiq fuqarolarga ijtimoiy yordam berilgan. Viloyat bo‘yicha 287 ta oilalar yarashtirilgan.

Yil boshidan buyon viloyatda oilaviy ajrimlar 2889 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 267 taga kamaygan. Biroq, Paxtachi, Jomboy, Bulung‘ur tumanlarida bu ko‘rsatkich oshgan. Shu bilan birga, ajrim yoqasiga kelib qolgan 1646 oiladan 1171 tasi yarashtirildi. Noqonuniy nikoh asosida yashayotgan 3274 ta oiladan 3149 tasining nikohi rasmiylashtirilgan.

– Ajralishlarga asosan oiladagi muhitning yomonligi, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, er yoki xotinning xiyonati, qaynona-kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, shar’iy nikohlar, migratsiya masalasi, internetdan maqsadsiz foydalanish, yoshlarning oilaga tayyor emasligi sabab bo‘lmoqda, – dedi G.Alimova. – Umuman, juda ko‘p masalalarni kengroq yoritish hamda bong urish lozim, deb o‘ylayman va bu masalada sizlardan yordam so‘rayman. Sababi, viloyatda ko‘p salbiy ko‘rsatkichlar pasaygan bo‘lishiga qaramasdan, xotin-qizlarning o‘z huquqini bilmay, noxush vaziyatlarga duch kelayotgani juda og‘riqli.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga viloyat hokimi o‘rinbosaridan javoblar oldi.

G‘.HASANOV.