Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Guruch kurmakdan ajratiladi”: Fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda inson omilidan voz kechiladi

Rivojlangan davlatlar tajribasiga ko‘ra, mehnat bozoridagi eng iqtidorli mutaxassislarni ish faoliyatiga jalb etishda davlat va xususiy sektor vakillari o‘zaro raqobatlashadi. Bunda eng iqtidorli mutaxassislarni davlat xizmatlariga jalb etishda muhim omil sifatida samarali tizim joriy etilganligi e’tiborli.

Germaniya, AQSh va Yaponiya davlatlari tajribasida buning yaqqol misolini ko‘rish mumkin. Xususan, davlat xizmatchilari uchun mehnatiga yaxshi haq to‘lanishi, uy-joy olishdagi, tibbiy xizmat ko‘rsatilishidagi, malaka oshirishdagi va transport xizmatlaridan foydalanishda ko‘plab imtiyozlar joriy etilgan. Shu bilan bir qatorda, davlat xizmatlariga ishga qabul qilishda nomzodlarni turli xil ko‘rsatkichlar asosida baholab borishda o‘ziga xos maktab yaratilgan.

Yurtimizda ham eng istiqbolli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb etishda ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirish tizimini joriy etishga, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi bu borada eng muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur farmon bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi zimmasiga 11 yo‘nalishdan iborat ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarning davlat kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishda istiqbolli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq, mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkil etish hamda malakali va yuqori malakali mutaxassislarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda kadrlarning kasbga oid sifatlarini va alohida xizmatlarini odilona va ob’yektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli mutaxassislarni davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda hamda ularning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilib borishini ta’minlovchi meritokratiya tamoyili keng joriy etilmoqda.

Aslida “meritokratiya” lotin va grekcha so‘zlar birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, lotinchada meritus - munosib va grekchada kratos – hokimiyat, ya’ni davlat xizmatiga munosib, qobiliyatli shaxsni qabul qilish tushuniladi.

Agarda ushbu tamoyilni yanada soddaroq va xalqchil tilda tushuntirilganda, shaxsning ijtimoiy kelib chiqishidan qa’ti nazar davlat xizmatiga eng munosib va qobiliyatli shaxslarni ishga qabul qilinishini tushunish lozim.

Farmonning 9-bandiga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga eng istiqbolli mutaxassislarni ishga qabul qilish ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi tartibi qat’iy belgilab berildi.

Bu esa kelgusida iqtidorli va munosib mutaxassislarni ishga qabul qilishda korrupsiyaning oldini olishga, turli xil byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishdagi inson omilidan voz kechishga, ya’ni majoziy ma’noda “Guruchni kurmakdan ajratishga” xizmat qilishga olib keladi.

Sh.AZIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori.