Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, o‘zgarishlar tashabbuskori

Ayollarning huquqlarini kafolatlash va ularga o‘z salohiyatlarini to‘la namoyon etish imkoniyatlarini berish nafaqat gender tenglikka, balki rivojlanishning keng bosqichlariga erishish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiya qabul qilingan.

Konvensiya xotin-qizlar va erkaklarning amaldagi tengligi, ya’ni gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni aniq-ravshan belgilagan.

Konvensiya a’zosi sifatida mamlakatimizda ham xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, gender tenglik bo‘yicha institutsional asoslar kengaytirilmoqda. Ayni paytda Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi faoliyat olib bormoqda. Qo‘mita ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bu borada umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek, ayollar huquqiy madaniyatini oshirish yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirildi. Misol uchun, 2019 yil sentyabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari tashkil etildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta’lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Bunda har bir tuman va shahar uchun alohida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, oilasida nogironligi bo‘lgan ayollarga maishiy texnikalar berilib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning uy-joy sharoiti yaxshilanyapti.

Har bir hududda “Ayollar tadbirkorligi markazlari” tashkil etilib, tegishli maqsadli jamg‘armalar va tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj hamda kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji bo‘lgan ishsiz xotin-qizlar bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” yuritilyapti.

Umuman, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada kuchaytirish, shu orqali oilani mustahkamlash, yuqori intellektual salohiyatli yosh avlodni voyaga yetkazish jamiyat barqarorligini ta’minlashning garovi hisoblanadi.

Muharram Hamroyeva,

Samarqand viloyati prokurorining voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishi bo‘yicha yordamchisi.

***

Davlatimizda Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifa ishlab chiqilgan.

Unga muvofiq, 2030 yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitish­larning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajasida ayollarning to‘liq va samarali ishtiroki hamda yetakchiligi uchun teng imkoniyat ta’minlanishi zarur.

Shu maqsadda, bir qator qonun hujjatlari hamda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tenglik, ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilingan.

Jumladan, “Xotin-qizlarni taz­yiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir.

Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxs­larni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respub­lika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish uchun “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda, har xil kamsitish shakllariga moyil bo‘lgan xotin-qizlarning holatiga alohida e’tibor qaratish dolzarb masala.

Gender tenglik borasida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash prokuratura organlari tomonidan odillik va adolat bilan olib borilmoqda. Bosh prokuraturada ham gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etilgan.

Norsuluv Soyipova,

Samarqand shahar prokurorining katta yordamchisi.