Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

IIBB Italiya fuqarosining Toshkentda ijaraga olgan xonadonida o‘lik holda topilgani yuzasidan izoh berdi

Mahalliy OAVlarda joriy yilning 16 fevral kuni taxminan soat 23:00 da Mirobod tumani Buyuk Turon ko‘chasidagi xonadonlardan birida 1992 yilda tug‘ilgan Italiya Respublikasi fuqarosi Djordjo Geno (Giorgio Gheno)ning jasadi topilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Toshkent shahar IIBB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Geno Djordjo sayyoh sifatida Toshkentga joriy yilning 9 fevral kuni yetib kelgan va 10 fevral kuni onlayn-xizmatlar orqali Italiya Elchixonasi vakili orqali Mirobod tumanida 30 kunga ijaraga olgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tgan.

Geno Djordjo 10 fevral kunidan aloqaga chiqmagach, uning qarindoshlari Elchixonaga murojaat qilganlar. Elchixona vakillari 16 fevral kuni Geno Djordjo istiqomat qilgan xonadonga kelganlarida eshik qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermaganidan so‘ng ular xonadon egasi B.F.ni chaqirganlar. Birgalikda xonadonga kirishganida esa jasad topilgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining ma’lumotnomasiga ko‘ra, Geno Djordjo uning jasadi topilganidan bir necha kun ilgari hayotdan ko‘z yumgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertiza tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Geno Djordjo Toshkent shahriga joriy yilning 9 fevral kuni Malayziyadan uchib kelgan bo‘lgan.

So‘rov davomidagi xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 10 fevral kuni yigit unga mazasi bo‘lmayotganligini aytgan. Ammo shundan so‘ng ular aloqaga chiqishmagan.

Qo‘shnilarning aytishicha, ular B.F.ning xonadonida kimdir yashashini bilishmagan. Chunki na shovqinni va na kimdir kirib-chiqqanini ko‘rmaganlar.

Italiya fuqarosining o‘limi fakti bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.