Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim tizimiga oid navbatdagi yolg‘on xabarlar tarqaldi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy OTMlardan talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish tartibiga hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim tizimiga oid navbatdagi yolg‘on xabarlar tarqatildi. Jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan ko‘chirib kelish, o‘qishni ko‘chirish uchun imtihonlar pullik bo‘lgani va shunga o‘xshash hech qanday asosga ega bo‘lmagan noto‘g‘ri ma’lumotlar odamlarni chalg‘ityapti.

E’tiborlisi, “feyk” axborotlar oqimi vazirlik kanalida noqonuniy tarzda abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinayotgani va shu kabi qonunga zid holatlardan aholini ogohlantirish maqsadida ma’lumot e’lon qilingandan so‘ng kuchaydi.

Bunday yolg‘on xabarlarga vazirlik rasmiy telegram kanalining havolasi qo‘yilishi ortidan ayrim yurtdoshlarimiz ularga ishonib qolmoqda, vazirlikka og‘zaki, yozma va internet orqali murojaatlar soni ko‘paymoqda.

Xorijda tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalariga shuni rasman ma’lum qilamizki, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash tartibiga hech qanday o‘zgartirish kiritilgani yo‘q, deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabarida.

Bu bo‘yicha barcha jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

Bunda xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi OTMlariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tizimida OTMlari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘qishi ko‘chirilayotgan OTMlarning muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha o‘qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.

Joriy yil 28-30 avgust kunlari xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha murojaat qilgan nomzodlar uchun masofaviy onlayn test sinovlari o‘tkazildi.

2020/2021 o‘quv yili uchun sinovlar kelgusi yilda bo‘lib o‘tadi. 2019 yilda o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilmaydi!

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Bu turkumga kiruvchi OTMlarda tahsil oladigan talabalar ham 2020 yilning 15 iyuldan 5 avgustga qadar murojaat qilishlari kerak.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan, pasport bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududga ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda), bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.

Bunda o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish – har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar; o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish – har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli asossiz xabarlarga ishonib qolmaslikni, oliy ta’limga oid muhim xabarlar bilan vazirlikning rasmiy telegram kanali- @eduuz orqali tanishib borishni so‘rab qolamiz.