Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Investorlarga bir qator imtiyozlar beriladi

Respublikamizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarga (kiritiladigan investitsiya hajmiga ko‘ra) bir qator imtiyozlar berilgan.

Jumladan, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari beriladi. Soliq imtiyozlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsiy xorijiy sarmoyalar quyidagi hajmda jalb etilganda taqdim etiladi:

- 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha - 3 yil muddatga;

- 3 million AQSh dollaridan ortiq va 10 million AQSh dollarigacha - 5 yil muddatga;

- 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda - 7 yil muddatga.

Tashqi savdo siyosati amalga oshirilayotganda ilgari to‘langan bojxona bojini qaytarish, bojxona boji stavkasini pasaytirish va bojxona bojini to‘lashdan ozod etish tarzida tarif imtiyozlari berilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari quyidagilarga nisbatan beriladi:

- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga ko‘ra, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va xorijiy hukumatning moliyaviy tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan, shuningdek, grantlar hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga;

- ustav fondida (ustav kapitalida) chet el investitsiyalarining ulushi kamida o‘ttiz uch foiz bo‘lgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran ikki yil davomida o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kiriladigan mol-mulkka;

- chet ellik investorlar, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kiriladigan mol-mulkka;

- O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi 50 million AQSh dollari ekvivalentidan ortiq bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani amalga oshirgan chet ellik yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, basharti olib kirilayotgan tovarlar ularning o‘z ishlab chiqarish mahsuloti bo‘lsa;

- mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlar olib borish uchun mo‘ljallangan va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan chet ellik investor yoki boshqa shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek, investor tomonidan bojxona hududidan olib chiqiladigan, mahsulot taqsimotiga oid bitimga muvofiq investorga tegishli bo‘lgan mahsulotga.